Shimoliy Koreya yadro sinovlaridan biroz o`tib, O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga qarashli “Jahon” axborot agentligi, ushbu sinovlar dunyo barqarorligiga xafv soladi va yadro qurolidan xoli hudud sifatida e`lon qilingan mintaqa uchun tashvish uyg'otadi, deya bayonot tarqatgan edi.
Ayni paytda Shimoliy Koreya tomonidan yadro quroli bilan bo`gliq yangi sinovlarga tayyorlanayotgani haqidagi xabarlardan so`ng muammoga e`tibor yanada kuchaymoqda.
Mahalliy kuzatuvchilardan biri Jahongir Shosalimov fikricha BMT tomonidan ko`rilayotgan choralar yanada kuchaytirilishi lozim.
“Albatta, BMT bunga nisbatan qattiq choralar ko`rishi kerak. Chunki, u yoqda Yaponiya davlati - Xirosima, Nagasakida yadro fojiasini ko`rgan davlat. Janubiy Koreya va boshqa qator davlatlarning ham fikrini so`rash zarur. Rossiyaning shimolida ham insonlar hayoti uchun qattiq xavf-xatar tug’ildi. Bu narsa qattiq qoralanishi kerak”, - deydi Shosalimov.
“Siyosat” axborot tahlil markazi eksperti Sharofiddin To`laganov nazarida esa Shimoliy Koreya yadro sinovlarini sotsializmning g`alabasi sifatida keltirmoqda.
“Men bunga qarshiman. AQSh tomonidan Shimoliy Koreyaning yadro sinovlari ig`vogarlik deya baholanishi to`g`ri. Hatto, Shimoliy Koreyaning yaqin hamkorlari Xitoy va Rossiya ham bu sinovlarni qattiq qoralayapti. Shimoliy Koreya juda qashhsoq mamlakatlardan biri. Unga nisbatan sanksiylarni joriy etilishi davlatni ocharchilikka mahkum etadi. Kambag`al davlatga esa yadro quroli zarur emas”, - deydi To`laganov.