Breaking News

Amerika musulmonlari haq-huquqlarini talab qilshga kirishdi


AQShning Minnesota shtatida dunyoning turli chekkalaridan kelgan minglab musulmonlar istiqomat qiladi. Boshqa muhojirlar singari ro’zg’or tebratadilar. Hozirda bu jamoa oddiy amerikaliklarga islomning asl mohiyatini tushuntirishni ham asosiy vazifa deb hisoblaydi.

Bolalar shifokori Haydar Muhammad Xon 30 yil oldin Hindistondan Qo’shma Shtatlarga ko’chib, Minneapolis shahrida panoh topgan. O’sha paytlarda namoz o’qish uchun joy topish mushkul edi. Hozir esa bunday joylar yetarli, deydi u. “Shaharda juma kunlari namozxonlar uchun 25-30 ta maxsus joy hozirlanadi. Bu yerning o’zida 12 masjid bor”.

Blumington shahridagi musulmonlar markazi rahbari Ikrom ul Haqning aytishicha, Minnesotaning o’zida 33 ga yaqin musulmon tashkiloti va 21 ta masjid bor.

“Maxsus tashkilot oilada zo’ravonlikka uchragan qiz-juvonlarlar muammosi bilan shug’ullanadi. Oilalar boquvchisini, turmush o’rtog’ini yo’qotgan holatlarda biz yolg’iz qolganlarni turar-joy bilan ta’minlaymiz. Ayrim tashkilotlar odamlarni ish bilan ta’minlab, moliyaviy qo’llab-quvvatlaydi”.

“1998 yilgacha Minnesotada musulmon jamoatchiligi taxminan besh-olti m ming kishidan iborat edi. 1998 yilda shtat aholisi 70 mingdan ortiq somalilik muhojirga ko’paydi. Oradan ko’p o’tmay Bosniya va Kosovodan yana 15 ming odam ularning safiga kelib qo’shildi. Ularga siyosiy boshpana berildi. Menimcha, norasmiy hisob-kitoblarga ko’ra, Minnesotada musulmonlar soni 150 mingdan ortadi”.

2001 yilning 11 sentyabrida Nyu-York va Vashingtonda ro’y bergan terror hujumlari Amerikada yashayotgan barcha musulmonlar kabi Minnesota musulmon jamoasiga ham ta’sir etmay qolmadi. Haydar Xonning ta’kidlashicha, hukumat mahalliy musulmonlarning bank hisoblarini tekshira boshladi.

“11 sentyabr voqealaridan so’ng bizning huquqlarimiz turli yashirin, pinhona yo’llar bilan poymol etildi. Fikrimcha, bu butun Amerika xalqini tashvishlantiradigan masala”.

Musulmon yetakchilar atrofdagi insonlarga islom haqida imkon qadar ko’p ma’lumot berish zaruratini his qilmoqda.

“Masalan, biz Islom tadqiqot guruhiga asos soldik. Guruh maktab va cherkovlar bilan ishlaydi. Masjidlarga boshqa din vakillari taklif qilinmoqda”.

Shuningdek, amerikalik musulmonlarni huquq va majburiyatlardan ogoh qilishga ehtiyoj sezildi, deydi Minneapolisdagi musulmonlar jamiyati imomi Asad Zamon.

“Yilda bir marta o’tkaziladigan Musulmonlar kunida esa rasmiylar bilan uchrashib, “Biz musulmonmiz. Biz sizning vakolatingizdagi hududda yashaymiz. Saylovchi sifatida bizni quyidagi masalalar tashvishlantiradi”, deb ochiq aytamiz”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG