Breaking News

AQShda qora tanlilar va latin amerikaliklar siyosiy o'rinlarni egallashga intilmoqda


AQShda 7 noyabrda o’tadigan umumiy saylovlar ozchilikdagi ikki yirik guruh – afro-amerikaliklar va latin amerikaliklar uchun muhim bo’ladi. Latinolar immigratsiya mavzusi sabab saylovda har qachongidan faol ishtirok etishi mumkin. Bu yili, gubernatorlik va senatorlikka intilayotgan qora tanli nomzodlar esa ko’pchilikni tashkil etadi.

Merilend shtati gubernatori muovini Maykl Stil AQSh Senatiga saylanish harakatida. Bu yilgi umumiy saylovlarda respulikachilar va demokratlar partiyasidan afro-amerikalik nomzodlar jami olti kishini, ya’ni eng yuqori ko’rsatkichni tashkil etmoqda.

Bu yili gubernatorlikka va senatorlikka nomzodlar har qachongidan ham ko’p.

Deyvid Bositis Vashingtondagi siyosiy va iqtisodiy tadqiqotlar markazi xodimi. Saylovlarda qora tanlilar ishtirokini o’rganadi.

"Afro-amerikaliklar ko’plab yillar davomida yuqori lavozimlarga saylana olmagan. Ammo hozirga kelib malakali, siyosiy tajribaga ega va shaxsiy xususiyatlari jihatdan ommani o’ziga tortuvchi qora tanlilar ko’paymoqda. Va ular imkoniyatni qo’ldan boy bermayapti."

Nomzodlar orasida demokrat kongressmen va hozirda janubiy Tennisi shtatidan Senatga saylanayotgan Jerald Ford hamda Ohayo shtati gubernatorligiga da’vogar konservativ respublikachi Ken Blekvel ham bor.

Kongressmen Elayja Kammings, AQSh Vakillar Palatasining 40 qora tanli a’zolaridan biri, ikkala partiyadan ham afro-amerilik nomzodlar chiqayotganidan mamnun ekanini aytadi. Unga ko’ra, qora tanlilar siyosiy faolligiga qisman Barak Obama sababchi. Illinois shtatidan demokrat Obama 2004 yilda saylangan bo’lib, hozirda Senatning yagona qora tanli a’zosidir.

"Menimcha, ko’plab yoshlar nazarida, Barak Obama bir kunda rok yulduziga aylangandek bo’ldi. Ko’pchilik bu yorqin, o’tkir zehnli, Garvard ta’limini olgan yigitga qarab, “men ham shunday yutuqqa erisha olaman” degan fikrga borgan."

Afro-amerikaliklar odatda demokratlarga ovoz beradi. Bu esa uch qora tanli respublikachi nomzodning imkoniyatini cheklashi mumkin. Respublikachi Maykl Stil bu muammoga yechim topgan ko’rinadi – saylovda respublikachi ekanimga urg’u bermayman, deydi u.

"Menimcha, respublikachi ekanimni hamma biladi. Axir biror demokrat saylov kampaniyasini “men demokratman” deb boshlamaydi-ku. Men ham urg’u bermayman", - deydi Maykl Stil.

AQShda so’nggi bir asr davomida ilk qora tanli gubernator Duglas Vaylder Virjiniya shtati hokimligiga 1990 yilda saylangan edi.

Bu yili Massachusets shtatidan Deval Patrik mamlakatning ikkinchi qora tanli gubernatori bo’lishiga ko’pchilik ishonadi.

Latin amerikaliklarga kelganda, nomzodlar kimligi emas, saylovda ishtirok masalasi muhimroq. Latinolar odatda saylovlarda faol ishtirok etmaydi.

Ammo bu yil muhit o’zgarishi mumkin. Yil boshida latin amerikaliklar immigratsion islohotlarga va noqonuniy muhojirlar huquqini yoqlab, namoyishlarga chiqqan edi.

Ayni paytda La Raza Kengashi kabi lobbichi tashkilotlar ko’proq latino saylovchilarni ro’yxatdan o’tkazmoqda. Kengash xodimi Klarissa Martinez, bizni nomzodning immigratsiya bo’yicha pozitsiyasi qiziqtiradi, deydi.

"Anti-immigratsion muhit deganda, ko’proq respublikachilar partiyasi ko’z oldimizga keladi. Muhojirlarga qarshi harakat boshida ham asosan respublikachilar turibdi. Bu partiya obro’siga putur yetkazadi deb o’ylayman. Menimcha, xalq respubkilachilar partiyasini aslida kim boshqaradi deb kuzatmoqda: uning muhojirlarni ko’rolmaydigan qanotimi yoki “biz muhojirlar mamlakatimiz”, muammoga yaxshiroq yechim qidirish kerak degan a’zolarimi."

Siyosatshunos Styuart Rozenberg fikricha esa, immigratsiya mavzusi respublikachi saylovchilarni ham faollikka chorlashi mumkin.

"Noqonuniy muhojirlarni yoqtirmaydigan, xususan konservativ saylovchilar faollik ko’rsatishi mumkin. Ba’zi hollarda mo’tadil va mustaqil saylovchilar ham bu muhojirlarni yoqtirmaydi, ularning AQShda ko’p sonli ekanidan, imtiyozlar olishidan norozilik bildiradi. Demak, bu masala respublikachilarni ham faollikka chorlashi hech gap emas", - deydi janob Rozenberg.

Amerikaliklarning muhojirlarga va qora tanli nomzodlarga bo’lgan asl munosabatini esa noyabr saylovi natijalari ko’rsatadi.

XS
SM
MD
LG