Breaking News

Tolibonning yangi avlodi Afg'onistonga xavf solmoqda


Besh yil ilgari Qo’shma Shtatlar Afg’onistonni bombardimon qilib Tolibon harakatini hokimiyatdan ag’dargan edi. Biroq besh yil o’tib ham Tolibon xavfi yo’qolmagan. Ba’zi joylarda toliblarning Afg’oniston va koalitsiya kuchlariga qarshi harakatlari aksincha kuchaygan. Uning safiga yangi odamlar qo’shilgan. Guruh taktikasini o’zgartirgan. Chegara ortidagi, Pokistonning odam oyog’i kam yetadigan hududlaridan turib Afg’oniston va NATO askarlariga hujumlar uyushtirmoqda.

Pokistonlik taniqli jurnalist va yozuvchi Ahmad Rashid kabi ba’zi tahlilchilarga ko’ra, bugungi toliblar oldingilaridan farq qiladi. Ahmad Rashid Tolibon harakati haqida chiqqan bir necha kitob muallifi.

”Rahbarlarining ba’zilari harakat tepasida qolganiga qaramay, Tolibon mafkuraviy jihatdan ancha kuchaygan. Al-Qoida singari endilikda ular ham global jihod g’oyasini ilgari surmoqda. Biroq jangarilarining aksariyati yosh, harakatga yaqinda kelgan. Ularning ko’pi Pokistondagi qochqinlar lagerlarida tug’ilib voyaga yetgan, shu sabab ham savodsiz, hattoki islom bo’yicha ham bilimlari sayoz.”

Tahlilchilarga ko’ra, Tolibonning kuchayishiga sabab prezident Hamid Karzay hukumatidan oddiy aholi noroziligining o’sishidir.

Vashingtondagi REND korporatsiyasi tahliliy instituti xodimi Set Jouns Afg’oniston va terrorizm bo’yicha mutaxassis. Uning aytishicha, hukumat o’z va’dasi ustidan chiqmagach, ya’ni elektr quvvat bilan ta’minlash va yo’llarni yotqizish ayniqsa qishloq aholisi uchun amalga oshmagach, Tolibonga yangi odamlar qo’shila boshladi.

”Tolibon hukumat siyosatidan hafsalasi pir bo’lgan aholi hisobiga kuchaymoqda. Uning faolligi ham aynan o’sha qishloq joylarida sezilmoqda.”

Biroq, deydi tahlilchilar, Tolibon kuchayishiga Pokistonning qabilalar yashaydigan hududlaridagi hayrihohlik asosiy sababdir. Ular Vaziristonda boshpana topdilar. Bu yerlar afg’onlar, pokistonliklar, uyg’urlar, chechenlar va diniy radikal oqimlarga berilgan boshqa odamlarni xuddi magnit kabi o’ziga torta boshladi.

Tahlilchi Set Jounsga ko’ra, Tolibon rahbariyati Pokiston razvedkasi bilan aloqalarini tiklashga ham muvaffaq bo’ldi

AQSh bosimi ostida Pokiston prezidenti Parvez Musharraf Vaziristonga qo’shin yuborgan edi, biroq sentyabr oyida erishilgan shartnomaga ko’ra, hukumat qo’shinlari Vaziristonni tark etadigan, qabilalar esa musulmon jangarilarni hududdan chiqarib yuboradigan bo’ldi. Biroq Musharrafga ko’ra, shartnoma Tolibon bilan tinchlik bitimi emas.

AQSh Tinchlik institutida Pokistonni o’rganuvchi mutaxassis Kristin Feyr bunga ishonmasligini ta’kidlaydi.

”Agar shartnomaga toliblar nuqtai nazaridan qaraydigan bo’lsak, Pokiston qo’shinlari qabilaviy hududlarda samarasiz harakat qilgan va ustiga-ustak shartnomani taklif qilish bilan o’z mag’lubiyatlarini tan olganlar. Demak, toliblar Pokistondan turib chegara ortidagi harakatlarini davom ettiraveradilar,” - deydi Tinchlik instituti xodimi Kristin Feyr.

Pokiston armiyasining nafaqaga chiqqan general-leytenanti Talat Ma’sudning aytishicha, AQSh va Pokiston hukumatlari yuritayotgan siyosatga norozilik bor ekan, qabilaviy hududlarda Tolibonga hayrihohlik davom etaveradi.

”U yerning aholisi bir tomondan Amerikaga qarshi, ikkinchi tomondan esa AQSh siyosatini qo’llab-quvvatlayotgan Pokiston hukumatiga ham. Shu bois Musharraf o’zini mustaqil qilib ko’rsatish uchun qabilaviy hududlar bilan shartnoma tuzgan.”

XS
SM
MD
LG