Mahalliy huquq himoyachilari nazarida Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston munosabatlarining qayta ko`rilishi hamda rasmiy Toshkentga nisbatan sanksiyalarning ma`lum muddatgacha saqlanishi, O`zbekistondagi inson huquqlariga oid vaziyatga xalqaro hamjamiyat tomonidan ko`rsatilayotgan davomli e`tibor natijasidir.
Kuzatuvchilar Yevropa Ittifoqi muvozanatli qarorga kelib, bir tomondan sanksiyalarni saqlab qolgan, ikkinchi tomondan hukumatga vaziyatni o`nglash uchun imkoniyat ham qoldirgan, degan fikrda.
Sanksiyalarni kuchaytirish tarafdorlaridan biri huquq himoyachisi Baxtiyor Hamroyevga ko`ra, sanksiyalarning qoldirilishi hukumatning keyingi siyosati uchun muhimdir:
“Juda ko`plab xalqaro tashkilotlar murojaatlari, chiqishlari evaziga sanksiyalarni o`z kuchida qolishiga muvaffaq bo`lindi. Ularning natija berish-bermasligi keyingi masala. Eng muhimi, sanksiyalar hamon kuchda. Hukumat sanksiyalar qoldirilgani jihatidan boshqacha siyosat yuritadi degan umiddamiz. Buni hayot ko`rsatadi, lekin O`zbekistonda global o`zgarishlar bo`lishi uchun uch oy juda oz deb hisoblayman”, - deydi Baxtiyor Hamroyev.
Mahalliy kuzatuvchilardan biri Iskandar Xudoyberganov bildirayotgan mulohazalarga ko`ra, muloqot uchun ajratilgan sinov muddati vaziyatni o`zgartirishga imkoniyat beradi:
“Yevropa Ittifoqining inson huquqlari bo`yicha munozara boshlashi va muloqotga kirishi bu juda yaxshi qaror. Endi ko`p narsa O`zbekistonga bog'liq. O`zbekiston hukumati o`zgarishlar qilishi mumkin. Chunki bizda totalitar davlat, hamma narsa bir kishi qo'lida, qilaman desa uch oy yetarli muddat. Shu vaqt mobaynida hukumat kerakli signalni berishi mumkin. Ammo, bu o`zgarishlarga ishonchim kam, chunki ko`rib turgan narsalarim bularni amalga oshishiga nisbatan gumonimni kuchaytiradi”, - deydi Iskandar Xudoyberganov.
Yevropa Ittifoqi tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyaga nisbatan hozircha rasmiy Toshkent tomonidan biror munosbat bildirilgani noma`lum.
So`nggi paytda turli ommaviy axborot vositalarida muhokama qilingan Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston munosabatlari, jumladan sanksiyalarni kuchaytirilishi yoki qoldirilishiga oid munozaralar ham rasmiy matbuotda yoritilmagan.
Kuzatuvchilarga ko`ra, rasmiy matbuot hukumatning tashqi dunyo bilan aloqalari qanday munozaralar asosida rivojlanayotganligi, ayniqsa O`zbekistondagi inson huquqlariga oid vaziyat xalqaro hamjamiyat diqqat markazida ekanligidan xabardor etmaydi. Shu bois Yevropa Ittifoqi qarori haqida biron munosabatning paydo bo`lishi ehtimoldan yiroq.
AQSh ham Yevropa Ittifoqining O’zbekistonga nisbatan sanksiyalarni kuchda qoldirganini olqishlamoqda. AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Shon Makkormakning aytishicha, O’zbekiston inson huquqlari bo’yicha xalqaro hamjamiyatni tashvishga solishda davom etmoqda. Huquq ta’minlanmas ekan, O’zbekiston demokratiyaga eshik ochmaydi, deydi AQSh diplomati.
Amerika hukumati nazarida 2005 yilning may oyida Andijonda yuz bergan namoyishlar demokratiyaga intilish edi va ularni qurol bilan bostirib, O’zbekiston hukumati xalqaro qonunlardan chetga chiqqan.
AQSh ham Yevropa Ittifoqi singari rasmiy Toshkentni Andijonda aslida nima bo’lgani yuzasidan xalqaro mustaqil tergov o’tkazishga chaqirib keladi. O’zbekiston esa talabga yo’q deb kelmoqda. Yevropa Ittifoqi o’z a’zolariga O’zbekistonga qurol sotishni yana bir yilga, Andijon qirg’inida qo’li bor rasmiylarni esa ittifoq hududiga kirishini yana olti oyga man etdi.