Qirg’iziston prezidentiga muxolif “Islohotlar uchun!” harakati a’zosi deputat Isa O’murqulovning uyiga noma’lum shaxslar tomonidan ikkita granata tashlagan. Portlash vaqtida deputatning uyida hech kim bo’lmagan.
Prezident Qurmanbek Bakiev yangi konstitutsiyaga qo’l qo’yishi va Bishkekda namoyishlar tugashi ortidan, muxolifatchi deputatni kim portlatmoqchi bo’lgani noma’lum qolmoqda.
Deputat O’murqulov o’ziga nisbatan suiqasdga prezident Bakiev aloqador bo’lishi ehtimolini rad qilgan.
Ammo “Islohotlar uchun!” harakatining boshqa a’zosi, deputat O’murbek Tekebaev o’z hamkasbiga nisbatan suiqasdni hukumat uyushtirganini aytadi.
“Bul amaliyot siyosiy sabablar bilan bog’liq, deb o’ylayman. Chunki bu amaliyot [o’lkada] siyosiy vaziyat taranglashib turgan bir paytda sodir bo’ldi. Keyingi kunlarda namoyish o’tkazayotgan prezidentning tarafdorlari muxolifatchi deputatlarga jismoniy bosim o’tkazdi. Ommaviy axborot vositalariga bosim o’tkazilmoqda. Men bu portlash bugungi hokimiyat tomonidan uyushtirilgan qo’rqitish amaliyoti deb o’ylayman”.
Deputat Is’hoq Masalievning aytishicha, hamkasbiga nisbatan suiqasd bo’yicha IIV va MXX tergov ishlari olib borayotir.
“Nima, ayolim bilan janjallashib qolsam ham hukumat aybdormi? Avval tergov olib borilsin. Tergov bo’lmay turib, turli taxminlarni olg’a surish yaramaydi. Deputatga nisbatan suiqasd ortida siyosiy sabablar yotibdi, deb aytolmayman”.