Breaking News

AQSh: O'zbekiston alohida tashvishga molik davlat


AQSh Davlat departamenti Vyetnamni diniy erkinlik bobida alohida tashvishga molik davlatlar ro’yxatidan chiqarib, bu ro’yxatga O’zbekistonni qo’shib qo’ydi. Shu o’rinda, Birma, Xitoy, Eritreya, Eron, Shimoliy Koreya, Saudiya Arabistoni va Sudan ham tilga olinadi.

AQSh Vyetnamni 2004 yilda o’ta tashvishlanarli davlat deb belgilagan edi. AQSh Davlat departamentiga ko’ra, o’shandan beri Vyetnamda diniy erkinlik bobida ancha ijobiy o’zgarishlar ro’y bergan.

Buning aksini O’zbekiston misolida ko’rish mumkin, deydi Departamentning xalqaro diniy erkinlik bo’yicha elchisi Jon Xenford.

“O’zbekistondagi musulmonlar anchadan beri hukumatning kuchli repressiyasi ostida. Dindorlik ko’pincha ekstremizm va terrorizmga bog’lanib, musulmonlar hibsga olinadi,” - deydi AQSh rasmiysi.

AQSh hukumati O’zbekistonga ba’zi diniy guruhlar, jumladan O’zbekiston Islomiy Harakati, tahdid solayotganini tushunadi, deydi janob Xenford. AQSh bu guruhni terrorchi tashkilot deb belgilagan.

AQSh nazarida, O’zbekiston hukumati taqvodorlarga ekstremist deb qaraydi-yu, ammo ularning zo’ravonlikka qo’l urganini isbotlashga kelganda aniq dalillar keltirmaydi.

Ba’zi musulmon guruhlar asossiz ravishda siyosiy ekstremizmga bog’lanib, qattiq ta’qib olingani tufayli, O’zbekiston o’ta tashvishlanarli davlatlar ro’yxatiga kiritildi, deydi AQShning xalqaro diniy erkinlik bo’yicha elchisi Jon Xenford.

XS
SM
MD
LG