Breaking News

Mutaxassislar fikricha Qirg'izistonda siyosiy murosa ko'pga bormaydi


Yaqinda Qirg’izistonda muxolifat talabi bilan prezident vakolatlari cheklandi. Parlament kuchaytirildi.

Mutaxassislar fikricha, hukumat va muxolifat orasidagi murosa ko’pga bormasligi mumkin.

Vashingtonda asoslangan nohukumat tashkiloti - Saylovlarni o’rganish markazi, Qirg’izistondagi so’nggi namoyishlarni yaqindan kuzatdi.

Tashkilotning Bishkekdan qaytgan vakili Den Malinovich nazarida Qirg’iziston demokratiya tomon siljiyotgani yo’q.

"Bu odamlar orasidagi kurash. G’oyalar, boshqaruv usuli yoki Qirg’iziston kelajagi uchun emas. Muxolifat nazarida, ular Bakiyevni hokimiyatga kelishida yordamlashdi-yu, ammo Bakiyev hokimiyatni bo’lishish va’dasida turmadi," - Den Malinovich.

Bosh qonunga kiritilgan asosiy o’zgartirishlar - hukumatni endi prezident emas, balki parlamentda eng ko’p o’ringa ega partiya tuzadi. Milliy Xavfsizlik Xizmati ustidan nazorat qonun chiqaruvchilar qo’liga o’tadi. 2010 yildan boshlab, parlament a’zolari 75 emas, 90 kishidan iborat bo’ladi.

Ammo qirg’izistonlik mustaqil tahlilchi Saltanat Berdikeyeva fikricha:

"Konstitutsiyaga kiritilgan o’zgartirishlar katta emas va ularning boshqa qonunlar bilan qanday muvofiqlashishini bilmaymiz. Bosh qonun shoshilinch tarzda qabul qilindi, xalq uning matni bilan tanishgani yo’q."

Saltanat Berdikeyevaning aytishicha, Qirg’izistonda yana bir siyosiy inqiroz bo’lsa, Bakiyevning prezidentligi tugashi mumkin.

"Mamlakat shimolidagi elita uni qo’llab-quvvatlashdan to’xtagan taqdirda bunga zamin yaratiladi. Natijada hokimiyat uchun kurash hamda mintaqaviy tarqoqlik kuchayib, Qirg’iziston mavhumlik va beqarorlikka yuz tutadi," - deydi yosh olima.

Biroq Saylovlarni o’rganish markazi xodimi, Bishkekdagi tinch namoyishlar ilk bor bu mintaqada islohotlarga yo’l ochdi, deydi.

"Fikrimcha, Qirg’izistondagi voqealar Bakiyevning mintaqadagi boshqa prezidentlar bilan munosabatiga ta’sir o’tkazadi. Islom Karimov va Nursulton Nazarboyev endi Bakiyevga zaif rahbar deb qarashi aniq, chunki ular nazarida Bakiyev muxolifatga yon berdi," - deydi Den Malinovich.

Yangi konstitutsiyaning yakuniy matni hali ommaga ko’rsatilmagan. Prezident Bakiyev fikricha, Bishkekdagi inqirozda na hukumat, na muxolifat boy bergan.

Mutaxassislar nazarida esa siyosiy muvaffaqiyatga qonuniy o’zgartirishlar bilangina erishib bo’lmaydi. Gap siyosiy boshqaruv o’zi nima ekanini tushuna bilishda va uni to’g’ri yo’lga qo’yishda, deyishadi tahlilchilar.

XS
SM
MD
LG