Breaking News

Xelsinki Komissiyasi: O'zbekiston tashvishlanarli davlat


AQSh Kongressi qoshidagi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Komissiyasi, qisqacha Xelsinki Komissiyasi, Davlat kotibasi Kondoliza Raysning O’zbekistonni alohida tashvishga molik davlat deb belgilash qarorini olqishlamoqda.

“AQSh O’zbekistonda dindorlarning hukumat tomonidan muntazam ta’qib ostiga olinayotganiga ko’z yuma olmaydi,” - deydi komissiya raisi, kongressmen Kris Smit.

AQSh Davlat departamentining xalqaro diniy erkinlik bo’yicha elchisi Jon Xenford O’zbekiston o’ta tashvishlanarli davlatlar ro’yxatiga kiritilgani haqida 15 noyabr kuni e’lon qilgan edi.

Ro’yxatdan Birma, Xitoy, Eritreya, Eron, Shimoliy Koreya, Saudiya Arabistoni va Sudan ham o’rin olgan.

Xelsinki Kommissiyasi raisi Kris Smitning bildirishicha, agar O’zbekiston yaqin kelajakda diniy erkinlik bobida ahvolni yaxshilamasa, hukumatiga qarshi boshqa choralar ham ko’rilishi mumkin.

“AQSh O’zbekiston bilan inson huquqlarini yaxshilash bo’yicha jiddiy muloqotga tayyor. Yakkalanish siyosatiga chek qo’yish Islom Karimovning o’z qo’lida,” - deydi kongressmen Smit.

XS
SM
MD
LG