Isroil-Falastin mojarosi boshi berk ko’chaga kirib qolgan.
Shu paytgacha hatto eng puxta deya qaralgan rejalar ham na Isroil hukumatini, na o’z davlatchiligi uchun kurashayotgan falastinliklarni qoniqtirdi.
1970-yillar so’nggida AQShning o’sha paytdagi prezidenti Jimmi Karter Isroil-Misr tinchlik kelishuviga vositachilik qilib, Misr va Isroil tinchlik bitimi imzolagan edi.
Tinchlik uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlangan Karter shu kunlarda arab-yahudiy mojarosi haqida kitob bitdi. Siyosiy asar “Falastin: Aparteid emas, Tinchlik” deb ataladi.
1979 yildagi kelishuv Falastin davlati barpo etishni ko’zlagan va shu tariqa Yaqin Sharq tinchligini tiklashni maqsad qilgan edi. Karter umidlar puchga chiqqanini tan oladi.
"O’tgan olti yildan beri, Bill Klinton prezidentlikdan ketganidan beri Isroil va Falastin o’rtasida hech qanday muzokara bo’lgani yo’q. Butun dunyo, ayniqsa musulmon ahli nazarida AQSh masalaga bir yoqlama yondashmoqda va Amerika hukumati falastinliklar taqdiriga befarq degan tushuncha hukmron. Jahon nigohida Amerika asosan Isroil uchun qayg’uradi va uni asrab qolish bilan ovora",- deydi Karter.
Prezident Jorj Bush uning rahbariyati Isroil va Falastin o’rtasida tinchlikni targ’ib qilishga yetarlicha e’tibor qaratmayapti degan tanqidga “unday emas” deb javob qiladi. Britaniya Bosh vaziri Toni Bleyer bilan uchrashar ekan, Bush “Isroil va Falastin ikki mustaqil davlat sifatida bir-birini tan olmas ekan, mojaro yechilmaydi”, - dedi.
"Davlat kotibimiz Kondoliza Rays ana shu masalani yechish bilan band. Qattiq ishlayapti bu muammo ustida. Biz maqsadimiz yo’lida qanchalik ter to’kmaylik, bir narsani chuqur anglamoq lozim, Isroil va Falastin ma’suliyatni o’z bo’yniga olishi va o’zaro til topishishi lozim. Murosa ular qo’lida", - deydi Bush.
Sobiq prezident Karter o’zining 21-siyosiy asarini bejiz “Falastin: Aparteid emas, Tinchlik” deb atagani yo’q. Kitob Falastin davlati tuzish uchun nima qilmoq zarurligini tahlil qiladi. Tarixiy misollar bilan.
"Maqsadim Falastin mojarosini keng ommaga tushuntirish. Masalani va bugungi vaziyatni aks ettirish hamda o’quvchini ehtimoliy yechim sari bosqichma-bosqich yetaklash. Kitob menga ana shunday noyob imkoniyat berdi",- deydi Karter.
Noyob imkoniyatmi yoki yangi ziddiyat va tushunmovchiliklar? Irqiy ajratish ma’nosini beruvchi aparteid so’zini qo’llagani sobiq prezidentga qimmatga tushmoqda. Ammo, Karter nazarida Isroil bosib olgan yerlarida falastinliklarni irqiy kamsitib kelmoqda.
Isroil Xamas boshchiligidagi Falastin boshqaruvi bilan muzokara qilishdan bosh tortmoqda. Xamasdan Isroilni tan olishni va unga qarshi hujumlarni bas qilishni talab qilmoqda. Falastinlik jangarilarga qurol bilan javob bermoqda.
Yahudiy huquqlarini himoya qiluvchi Simon Vizental Markazi Karter kitobini qoralab, sobiq prezidentni tarafkashlikda tanqid qilmoqda. Markaz nazarida Karter o’zini falastinliklar himoyachisidek tutmoqda.
"Isroil falastinliklarning eng oddiy va asosiy huquqlarini poymol etmoqda", - deydi Karter. "AQSh xalqi bu haqda bilmaydi. Bu holni muhokama qilmaymiz ham. Isroilda esa aksincha. Bu haqda har kuni gapiriladi. Yevropa va boshqa joylarda masala qizg’in munozara qilinadi. Uning zaminini tushunishadi va juda bo’lmasa, fikr almashishadi. Amerikada esa bu haqda hech kim bir og’iz gap ochmaydi. Shu bois bu kitobni yozdim".
Kitob boshqa shov-shuvlarga ham sabab bo’lmoqda. AQShning Emori Universiteti professori, Yaqin Sharq bo’yicha olim Kennet Shtayn Karter nomiga qo’yilgan ilmiy markazdan shu kitob bois ishdan bo’shadi. Karterni ko’chirmachilikda ayblamoqda.
Karter barcha ayblarni rad etadi va yangi kitobi falastinliklar dardini, 1948 yilda Isroil davlati tarkib topganidan beri Falastin xalqi boshiga nimalar tushgani haqida hikoya qiladi, deydi.
Sobiq prezident fikricha Isroilning davlat sifatida shakllanishga haqqi bor. Lekin Falastinning ham bu huquqqa egaligini unutmaylik, nima uchun Isroil o’rtaga noqonuniy devor quryapti, deydi Karter. Ko’pchilik isroilliklar Falastin hududini tark etish va tinchlik yo’lida falastinliklarga o’z erkini qaytarib berishga tayyor, deydi Karter.
"Biroq Isroil rahbariyati bu xohishni azaldan yashirib keladi. Falastin yerini boy bergisi yo’q. Qarabsizki, mintaqa olov ichida qolmoqda".
Jimmi Karter Qo’shma Shtatlarni Rossiya, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda Bushning Yaqin Sharqda tinchlikni tiklash rejasini amalga oshirishga undamoqda.
82 yoshli sobiq prezident siyosatni haliveri tark etmoqchi emas. Kelayotgan yilda uning yana ikki yangi kitobi chiqadi. Jahon ommaviy axborot vositalarida AQShning amaldagi siyosatini tanqid qilishda davom etmoqda.