Bugun Qirg’iziston hukumati ixtiyoriy ravishda to’la tarkibda iste’fo bergan.
Prezident Qurmanbek Bakiyev vazirlar arizasini qabul qilgan.
Prezidentning farmoniga binoan sobiq hukumat a’zolari yangi hukumat tashkil qilingunga qadar o’z vazifalarini bajarishda davom etadilar.
Endilikda sobiq bosh vazir Feliks Qulov hukumat iste’fosi sababini noyabr oyi boshida muxolifat bosimi ostida qabul qilingan mamlakat bosh qonunidagi chalkashliklar bilan izohladi.
“Biz bu qadamimiz bilan yangi parlament va yangi hukumat shakllanishi uchun parlament saylovlari o’tishini tezlashtirishga urinyapmiz”, – dedi Feliks Qulov.
Konstitutsiyaning yangi tahririga binoan, prezident parlamentni tarqatish va parlamentga saylovlar e’lon qilish huquqiga ega. Ko’pchilik ovoz bilan parlamentga saylangan siyosiy partiya a’zolari hukumatni shakllantiradi.
Shuningdek, konstitutsiyada hozirgi parlament deputatlarining vakolatlari 2010 yilgacha davom etishi yozilgan.
Feliks Qulovning aytishicha, konstitutsiyaning yangi tahririda chalkashliklar bor. Huquqshunoslar ham islohotlar talabi bilan muxolifat bosimi ostida noyabr’ oyida qabul qilingan Qirg’iziston konstitutsiyasining yangi tahririda ko’plab xatolar mavjud ekanini qayd qilganlar.
Qirg’iziston konstitutsiyasi yangi tahririni o’zbek tiliga o’girgan jamiyatshunos Ulug’bek Abdusalomovga ko’ra, hukumatning iste’fosi prezident va parlament deputatlari o’rtasida davom etayotgan nizolar bilan bog’liqdir.
“Hukumatning iste’fosi qabul qilinishi barobarida hozirgi parlamentni tarqatish bo’yicha ham farmon chiqishi mumkin. Bugungi kunda parlament va prezident o’rtasida alohida qarama-qarshilik borligi o’z-o’zidan ko’rinib turibdi”, – deydi Ulug’bek Abdusalomov.