Breaking News

AQSh-O'zbekiston huquq bobida achchiq so'zlar almashmoqda


Inson huquqlari AQSh-O’zbekiston aloqalarida asosiy omil bo’lib qolmoqda.

O’zbekiston rasmiylari AQShni ikkiyuzlamachi siyosatda, mamlakat ommasi fikriga loqaydlikda, qolaversa O’zbekiston hayotidan bexabarlikda ayblaydi.

Rasmiy Vashington nazarida esa O’zbekiston tanqidchini dushman deb bilib, muammoni aks ettirayotgan "oynadan" o’pkalanmoqda.

O’zbekistonda e’tiqod erkinligi tashvishlanarli ahvolda deya ogohlantirayotgan Xalqaro diniy erkinliklar bo’yicha AQSh komissiyasi a’zosi Maykl Kromarti O’zbekistonda huquq deb AQSh tanqid ostiga olinayotgani sababini tushunmaydi.

"O’zbekistonga alohida tashvishga molik davlat maqomi berilgani uchun AQSh hukumatini emas, O’zbekiston hukumatini, o’z xalqiga beshafqat munosabatda bo’layotgan tizimni ayblash kerak",- deydi Kromarti.

Biroq O’zbekistonda o’tkazilgan ommaviy so’rovlar natijasi aholi huquq borasida unchalik tashvishda emasligidan dalolat bermoqda. Ko’pchilik huquq ahvolidan noliyotgani yo’q.

"So’rovlar ko’rsatkichidan hayratda emasmiz",- deydi AQSh rasmiysi."Bundan O’zbekiston xalqining o’zi ajablanishi kerak. Repressiya ostida ular yashamoqda".

AQSh nima uchun O’zbekistonda huquq ahvolidan bunchalik tashvishda? O’zbekiston nima uchun AQSh maqomiga e’tibor berishi lozim?

"O’zbekiston yosh davlat, unga yordam berishni burchimiz deb bilamiz. O’zbekiston bilan aloqalarda huquq muhim ro’l o’ynashi tabiiy. O’zbekiston tashvishga molik davlat ekan, u bilan har qanday aloqamizda bu omil bilan yuzlashishimiz tabiiy. Maqom AQSh hukumati uchun ta’sir o’tkazish vositasi demakdir",- deydi Kromarti.

O’zbekiston rasmiylari AQSh huquq niqobi ostida bizning tabiiy boyliklarimizga umid qilyapti yoki mintaqada hukmronlik kuchiga ega bo’lmoqchi deyishi mumkin, biroq huquq ahvoli yomonligi uzoq muddatda O’zbekistonning o’ziga zarar yetkazadi, deydi Xalqaro diniy huquqlar bo’yicha AQSh komissiyasi vakili Maykl Kromarti.

Amerika Ovozi bilan suhbatda bo’lgan, biroq ism-sharifi oshkor etilishini istamagan o’zbekistonlik mutaxassis nazarida O'zbekiston hukumati ham, xalqaro jamoatchilik ham huquq muammosini rad eta olmaydi.

Huquq tushunchasi, uningcha, O’zbekistonda o’zgacha ma’no kasb etadi.

"Aynan inson huquqlari insonlarni unchalik qiziqtirmayapti. Balki huquqiy bilim saviyasi pastligi bilan bog'liq. Balki jamiyatda mavjud boshqa iqtisodiy muammolar bilan bog'liq bo'lishi mumkin. Afsuski, qog'ozda yozilayotgan qonunlar, qog'ozda bor huquq, afsuski, hayotga tatbiq etilish bobida muammolarga duch kelyapti. Bu hukumat siyosati demagan bo'lardim. Balki bu amaldorlar kamchiligidir. Aynan huquq tizimiga, sud tizimiga ishonch yo'q. Shu sababli ham insonlarda huquq so'zi qandaydir salbiy tuyg'u uyg'otsa kerak".

Huquqiy bilimni oshirishda matbuot roli beqiyos. Biroq O’zbekistonda matbuot xalq uchun emas, hukumat uchun xizmat qiladi. Insonlarga ochiq fikr bildirish, fikr almashish va so’z erkinligi kabi fundamental huquqdan foydalanish uchun imkoniyat yo’q.

Buning ustiga dunyoni tebratuvchi texnik vositaga aylangan Internetga chiqish imkoniyati ham O’zbekistonda cheklangan, deydi o’zbekistonlik mutaxassis.

"Ma'umot yo'q ekan, bilimdonlik ham bo'lmaydi. Insonlar bu haqda gapirmaydi. Nimaga? Chunki ma'lumot huquqi cheklangan. Xalqaro siyosat, xalqaro maydonda nima bo'layotgani insonlar uchun noma'lum. Ma'lumotga ega bo'lmasangiz, och qornim, tinch qulog'im degandek, sizga farqi yo'q."

O'zbekistonda chet-el muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanish mutaxassis fikricha, axborot cheklangan jamiyat bilan ishlayotgan xalqaro tashkilotlar ham ko’p hollarda haqiqat elchilari emas.

"To'g'risini aytsam, na xalqaro tashkilotlar, na milliy institutlar O'zbekistonda nima bo'layotganini unchalik yaxshi anglay olmayapti. Xalqaro tashkilotlar va O'zbekiston aholisi o'rtasida unchalik aloqa yo'qligi... Bunday vaziyatda, to'g'risini aytsam, xalqaro tashkilotlar bir-biridan ma'lumot ko'chirib oladi. Bittasi ma'lumotga ega bo'ladi... Bu qanchalik noto'g'ri, qanchalik to'g'ri? Kimdandir eshitgan, nimadir bo'lgan..."

O’zbekistonlik faol nazarida diniy huquq ham O’zbekistonning har yerida turlicha tushuniladi.

"Bu muammo Farg'ona vodiysida juda, juda murakkab. Birinchidan, aholi juda zich. Ikkinchidan, haqiqatdan, Farg'ona vodiysi dinga konservativ ruhda qaraydi. Aynan Farg'ona vodiysida bu muammo katta anglashilmovchiliklarga olib kelyapti. Lekin Toshkent, O'zbekiston janubi va g'arbini oladigan bo'lsak, bu muammo unchalik shov-shuvga olib kelgani yo'q."

AQSh va O’zbekiston huquq borasida achchiq tanqidlar almashishda davom etarkan, O’zbekistonda va O’zbekiston haqida tashqi dunyoda ijobiy qarashni vujudga keltirish uchun nima qilmoq zarur, degan savol tug’iladi.

Amerika Ovozi bilan muloqotda bo’lgan amerikalik rasmiy va o’zbekistonlik mutaxassis nazarida amaliy, O’zbekiston xalqi manfaati uchun xizmat qiladigan loyihalar bilan chiqish vaqti yetgan. Bunga AQSh va O’zbekiston hukumatining, qolaversa xalqaro hamjamiyatning irodasi qodirmi, yo’qmi, hozircha mavhum.

XS
SM
MD
LG