Qirg’iziston va O’zbekiston o’rtasida abadiy do’stlik shartnomasi imzolanganiga 10 yil to’ldi. Ammo kuzatuvchilar fikriga ko’ra, Qirg’iziston va O’zbekiston o’rtasida shu davr mobaynida kechgan munosabatlarni do’stona deyish qiyin.
Qirg’izistonning hozirgi prezidenti Qurmanbek Bakiyevning aytishicha, 1996 yildayoq O’zbekiston hukumati bilan aloqa uzilib qolgan.
“Ikki davlat o’rtasida keyingi yillarda aloqa bo’lmagan. Aniqroq aytadigan bo’lsam, 1996 yildan boshlab bugungi kungacha bizning yetakchilarimiz, mamlakat rahbarlari O’zbekistonga bormagan, ular ham kelmagan”.
Chegara va bojxona, gaz va suv muammolari, o’zbek islomiy muxolifatining 1999 yilda Qirg’iziston orqali O’zbekistonga hujumlari, hujumlar ortidan chegaralarga o’rnatilgan minalar qo’shnilar o’rtasidagi kelishmovchilikning kuchayishiga sabab bo’lgan. Norasmiy manbalarga ko’ra, Qirg’izistonning sobiq prezidenti Asqar Aqayevning O’zbekiston prezidenti Islom Karimov bilan shaxsiy munosabati ham keyingi yillarda buzilgan.
Qirg’izistonda 2005 yil mart oyida yuz bergan “qizg’aldoq inqilobi”ni O’zbekiston sovuq kutib oldi. 2005 yil mayda Andijon qirg’inidan omon qolgan o’zbekistonlik qochqinlarning avval Qirg’izistondan, keyin uchinchi davlatlardan panoh topishi qo’shnilar o’rtasidagi munosabatlarga putur yetkazdi.
Qirg’iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyevning aytishicha, u hokimiyatga kelgach, qo’shnilar bilan aloqalarni qayta tiklash uchun ancha uringan.
“Biz O’zbekiston, Qozog’iston, Tojikiston, Xitoy kabi qo’shni davlatlar bilan, Rossiya, Yevropa davlatlari kabi olis mamlakatlar bilan muomalani o’nglamasak, iqtisodiyotimizda o’sish bo’lmaydi, elimizning yashash darajasi ko’tarilmaydi. Bu yil o’sha davlatlarga rasmiy tashrif bilan borib, ishni oxirigacha yetkazdim. Mana natijasi – Qirg’iziston va O’zbekiston o’rtasidagi aloqalar yaxshi bo’lishiga ko’zim yetadi”.
Haqiqatan ham, 2006 yil yakunida qo’shnilar o’rtasidagi munosabatlar iliqlashib qoldi. Qirg’iziston rahbari oktyabr oyida O’zbekistonga borib, hamkasbi bilan 4 yil davomida hamkorlik qilish to’g’risida shartnoma imzolab qaytdi. Ikki davlat o’rtasida fuqarolar uchun 60 kungacha vizasiz tartib o’rnatish borasida kelishuvga erishildi.
Qurmanbek Bakiyevning aytishicha, Islom Karimov “yarashish”dan avval qo’shnilardan gina qilishni ham unutmagan.
“Ochig’ini aytishim kerak. Islom Abdug’aniyevich ochiq aytdi: “Qirg’iziston xalqini biz hurmat qilamiz, borimiz o’rtada, qarama-qarshilik yo’q. Ammo sizlarning yetakchilaringiz, o’z so’zida turmaydi, va’dalarini bajarmaydi. Terroristlar bilan kurashmaydi. Demokratiya deb bor-yo’gingizni ochib qo’ydingiz” deb”.
Qirg’iziston davlat rahbari, o’zining aytishicha, hamkasbini “to’g’ri tushungan”. Aslida Qurmanbek Bakiyev Toshkent safaridan ancha oldin, shu yil yozida terrorchilarga qarshi harakatlari orqali Islom Karimovning ko’ngliga yo’l topgan edi.
“Bizning hududimizda joylashgan, bizning hududimizda yashayotgan terroristlar O’zbekistonga o’tib, qilg’iliqni qilib, yana qaytib qochib kelib, bizda yashirinib yurgan. Bu yil, o’zingiz bilasiz, qancha jinoiy guruhlarni yo’q qildik. O’sh, O’zgan va Jalolobodda qancha terroristlarni yo’q qildik. Buni ular ko’rib turibdi. Mana, “qirg’izlar terroristlar bilan kurasha boshladi, bular bilan muomalamizni o’nglaylik” deb bizga qo’l uzatdi”, - deydi Qirg’iziston prezidenti.
Natija esa, ko’p kuttirmadi.
“Hozir Ukraina, Belorussiya tabiiy gazni 200 dollardan, boshqa mamlakatlar har ming kub metrini 250-300 dollardan sotib oladi. O’zbekiston bilan kelasi yilda tabiiy gazning har ming kub metrini 100 dollardan sotib olish to’g’risida shartnoma tuzdik. Bu yil esa, 55 dollardan oldik. Bu narxni O’zbekiston ko’targani yo’q, butun dunyoda shu narx belgilangan", - deydi Qurmanbek Bakiyev.
Qirg'iziston rahbari O’zbekison bilan itisodiy aloqa yaxshilanishiga ishonch bildirdi. Buning uchun, deydi u, yetakchilar tartibni qattiq saqlashi kerak.