Moskvada "Gazprom" vakillari va Belarus delegatsiyasi o'rtasida muzokaralar davom etmoqda. Belarus Bosh vaziri muovini Vladimir Semashko juma kuni Moskvaga keldi.
Maqsad – Rossiyaning "Gazprom" kompaniyasi bilan Belarusga 2007 yilda eksport qilinadigan gaz yuzasidan yakuniy baho belgilash. Kecha rasmiy Minsk har ikki tomon uchun qulay narx belgilanganini ma’lum qildi. "Gazprom" vakili bu xabarni inkor etgan.
Avvalroq Belarus hukumati vakili tabiiy gaz bahosi bo’yicha yakdillikka erishildi deb e’lon qilgan edi. Biroq "Gazprom" kompaniyasi fikricha, bu haqda gapirishga hali erta. Tabiiy gaz mavzusi ikki mamlakat o’rtasidagi munosabatni ancha keskinlashtirgan.
"Gazprom" talabiga ko’ra, 1 yanvardan boshlab ming kub metr tabiiy gaz uchun Belarus 105 dollar haq to’lashi lozim. Shu paytgacha Belarus 45 dollar to’lab kelgan.
Bitim bugun imzolanmasa, "Gazprom" Belarusga gaz uzatmay qo’yishini ma’lum qilgan.
Bunga javoban Belarus Germaniya, Litva va Polshani gaz bilan ta’minlovchi quvurlarni berkitib qo’ymoqchi. Ma’lumki, Belarus hududi orqali Rossiya gazi Yevropa davlatlariga yetkaziladi.
"Gazprom" raisi Aleksey Miller yuqoridagi davlatlarni gaz ta’minoti uzilmasligi uchun barcha choralar ko’rilishini aytib, tinchlantirgan.
Bundan bir yil oldin narx borasida kelisha olmagan "Gazprom" Ukrainaga gaz uzatmay qo’ygan edi.