O’zbekistondagi ayrim kuzatuvchilar va ruhshunoslar fikricha, so’nggi 10-15 yil orasida mamlakat aholisining psixologik holati keskin o’zgargan.
Bu holni odamlarning ko’cha-ko’ydagi parishon holatlari, qovoq solib, tushkun kayfiyatda yurishlari, asabiy qiyofalari hamda bir-birlari bilan dag’al muomalada bo’lishlarida ham kuzatish mumkin.
Kimdir mehnatkash aholining ommaviy tarzdagi noxush kayfiyati boisi qilib ishsizlik va iqtisodiy qiyinchiliklarni ko’rsatsa, boshqalarga ko’ra, o’zbek xalqi yuzida “amerikacha tabassum”ning yo’qligi norozilik kayfiyatidan emas, balki islom dini aqidalari ta’siri deya baholanadi.
Aholi kayfiyatini ijtimoiy vaziyat ko’zgusi deyish mumkin. O’zbekistonga ilk bora kelgan ayrim xorijliklar bu yurt odamlarining aksariyati tushkun kayfiyatda yurishlaridan hayron qolganliklarini bildirishadi.
“Odamlar begonalarni yoqtirishmaydi. Bir-birlariga bemehrlar. Bu Rossiya va barcha sobiq Ittifoq davlati fuqarolariga xos xususiyat. Faqat jilmayish haqida gapirmayapman. Bilasizmi, odamlar nima uchun qovoq solib yurishadi? Mamlakat endigina taraqqiyot sari yuz burmoqda. Bu yerda qashshoqlar ko’p. Odamlar kayfiyati ko’tarinki emasligi boisi ham shunda, deb o’ylayman”, - deydi Amerikalik Endryu Geyd.
Bugun aholi kayfiyatiga boqib nimalarni kuzatish mumkin? Ayrim toshkentliklar mulohazalari:
“Agar bundoq olib qaraganda, odamlar yomon kayfiyatda. Buning sababi, hozir hammada har xil muammo. Masalan bizda hozir ish bo’yicha muammo-da, shuning uchun odamlar mana shunaqa ahvolda.
MUXBIR: Odamlardagi shunday kayfiyatlarni ko’proq qayerda kuzatgansiz?
“Asosan transportda. Bitta voqeani sizga aytib beraman. Transportda odamlar o’zining bekatidan o’tib ketib qoladi-da, ‘e, to’xtang, tushib qolay’ deydi. Ular xayolan ‘ertaga nima qilaman, indinga nima qila olaman’ deb, o’sha xayol bilan o’tib ketadi. Menda ham shunaqa voqea bo’lgan.”
“Ko’p erkaklar beish. Tayin ishi yo’q. Borib ishlaydigan zavod-fabrikalari yaxshi ishlamayapti. Shuning uchun ham, yetishmovchilikdan hammasi o’ylab yuribdi shekilli.”
MUXBIR: Yaqin yoki uzoq xorijlarga chiqqanmisiz? Ularning odamlari bilan taqqoslay olasizmi o’zbekistonliklar kayfiyatlarini?
“Ular qanaqadir yengilroq qaraydi shekilli bizga nisbatan. Hozir mana men ham o’ylab kelyapman: ikkita o’g’lim kontraktda o’qiydi, nima qilsam ekan, nima qo’ysam ekan, bu yog’iga nima bo’larkin, deb. Bu yil-ku amalladik, keyingi yilga nima bo’larkin deb.”
So’nggi yillar O’zbekiston aholisining ruhiyati, fel-atvori va kayfiyatida keskin o’zgarishni kuzatish mumkinligi haqida fikr yuritarkan, bu holning jamiyatga ta’siri xususida jamiyatshunos Komron Aliyev:
“Sekin-sekin hayotning og’irlashuvi bilan, O’zbekistonning iqtisodiyotidagi og’irchiliklar, ketma-ket terraktlar, qo’ni-qo’shnilarga borib kelish imkoniyatlarining kundan-kunga yopilayotgani bilan, umuman o’zbek xalqining qadr-qiymati va yashash darajasining pasayib ketishi bilan odamlarda xo’mrayib yurish, kulgini yoqtirmaslik, imkoniyati bo’lsa, avtobuslardayam, boshqa joylardayam bir-biri bilan kam gaplashish. Shunga o’xshagan narsalar paydo bo’ldiki, bunga hukumatning kechayu-kunduz ‘ogoh bo’ling, ogoh bo’ling’ deyishlari ham odamlarga albatta salbiy ta’sir qilmasdan iloji yo’q”, - deydi kuzatuvchi.
O’zbekistonliklarning muttasil jilvayavermasligi, jamiyatdagi norozilik kayfiyati mavjudligidan emas, deydi taqvodor Ozod Xo’janazarov. O’zbeklarning ruhiy qiyofasini islom dini tarbiyasi mushtarakligida ko’rish lozim, deb hisoblaydi u:
“Islom dinida hadislar hatto bor-ki, kulgi odamni toshbag’ir qiladi, yig’lamagan odam, jiddiy bo’lmagan odam bu uning samimiy emasligidan dalolat beradi. Va bu bizning psixologiyamizga o’rnashib qolgan. Shuning uchun ham bizda salobat, tamkin, viqor bilan yurish, ya’niki ruscha qilib aytganda ‘amerikanskaya ulibka’ o’zbeklar uchun begona, yot narsa. Lekin hamma jiddiy bo’lsa, hamma qovoq solib turgan bo’lsa, bu birovning kayfiyati birovga ta’sir qilmaydi. Va qovoq solib yurishi bu norozi kayfiyati emas”, - deydi taqvodor.
Biroq iqtisodchi Qodir To’xtayevga ko’ra, bugungi ijtimoiy ahvol, ko’pchilikning ro’zg’or tashvishida yurishi o’zbekiston fuqarolari ichida ochiq yuzli, baxtiyor chehrali insonlarni uchratish imkoniyatini tobora kamaytirib borayotir.
“Hech bo’lmaganda masalan odam qilgan mehnatiga yaxshi yashay olmasa, unday odamda har doim tashvish bo’ladi. Hech qanday xursandchilik unga yoqmaydi ochig’i. Bizda hozir eng katta hayot haqiqati buzilyapti. Biz qancha ko’p mehnat qilsak, shuncha ko’proq ezilamiz. Faqat bizga rahbarlik qilgan odamlar do’ppisini birovi birovga kiydirib, ular boyiyapti. Demak, albatta hayotimizdagi bu eng katta qusur odamlarning yuzida aks etmasligi aslo mumkin emas”, - deb hisoblaydi Qodir To’xtayev.
Jamiyatshunos Komron Aliyev o’zbekistonliklarning ruhiy qiyofasidagi noxush holatning salbiy oqibatlari haqida:
“Odamlarning iqtisodiy ahvolining og’irligi, jamiyatdagi bir-biriga ishonchsizlikning yuqori darajadaligi, xalqaro ahvolning og’irligi, O’rta Osiyo jumhurriyatlari o’rtasida har xil chegara talashlari va shunga o’xshagan xalqning kayfiyatiga salbiy ravishda ta’sir qiladigan faktorlar ko’payaveradigan bo’lsa, albatta bu yaxshilikka olib kelmaydi. Bu turli radikal-ekstremistik tashkilotlarga odamlarning qo’l urishi, yoki keskin harakatlarga qo’shilishiga barcha shart-sharoitlar yaratilishi mumkin. Shuning bilan birga jamiyatda odamlarning o’zini-o’zi o’ldirishi, o’ziga masalan, o’t qo’yib yuborish hollari, oiladagi zo’ravonlik holatlari, bularning hammasi agar mutaxassislar kuzatib borayotgan bo’lsa, ularning yildan-yilga oshib borishini aytish mumkin.”
Faoliyatim jarayonida va yoki dunyo miqyosidagi psixologik holatni kuzatish orqali shunday xulosaga kelish mumkin-ki, ruhiy cho’kishlar nafaqat quyi tabaqa vakillarini, balki boyu-badavlatlarni ham chetlab o’tmayotir, deydi psixolog Nigora Muhammedova:
“Menimcha, bitta xalqimizda emas, qaysi millat bo’lishidan qat’iy nazar, hamma millatdayam mening fikrimcha, bir xilda o’zgarishlar ketyapti – psixologik. Bunda tabiatning ta’siri albatta bor, qanaqadir og’irchiliklar-yengilchiliklar psixologik, bularning ham ta’siri katta. Psixologik jarayon bu oilaviy sharoit, yoki ish tarzi, yoki tashqi muhit, bularning hammasi bir-biroviga uzviy bog’langanmi. Qaysi ishda ishlashdan qat’iy nazar, mansabdormi, puldormi va hokazo, o’shalardayam ruhan tushishlar, ezilib qolishlar, har xil voqealarni tez-tez uchratamiz”, - deydi psixolog.
Azaldan o’zbek xalqi orasida o’zaro munosabatda xushmuomalalik, kattaga hurmatda, kichikka izzatda bo’lish an’anasi mavjud bo’lgan. Bugungi o’zbekistonliklar odamlar orasidagi muomala madaniyatini qanday baholashadi? Toshkent ko’chalarida ayrim kishilar fikr:
“Oldingiga nisbatan hozir yoshlarning munosabatida katta o’zgarish bor. Chunki hozir zamon o’zgaryapti. Yoshlar hozir Yevropaga taqlid qilayotgani uchun ham hozir kattalarga hurmat judayam o’zgargan. Masalan, uncha hurmat yo’q. Oldin ‘axmoq o’zini maqtaydi’ degan maqol hozir ‘eplagan o’zini maqtaydi’ degan maqolga aylangan.”
“Har xil transportlarda, asosan ko’chalarda turtib yuborsa, o’zi asosan logika bo’yicha ‘uzr’ deb ketish kerak. Hozir ‘ko’zingga qaramaysanmi?’ yoki yomon so’zlar bilan haqorat qilishlar boshlanadi”.
“Davr o’zgargan sari odamlar ham o’zgarib, muomala ham o’zgarib ketyapti-da. Hozirgi qariyalar yoshlarni ko’pincha tushunishmaydi. Chunki ular o’zining davridagi muomalani xohlashadi. Oldin yoshlar kattalarni ko’rganda hurmat bilan salom berib, o’rinlaridan turib joy berishgan, qo’llarida og’ir narsa bo’lsa olishgan. Ko’pincha mana shu joy bermaslik oqibatida transportlarda janjal bo’lib ketishi ham mumkin-da yoshlar bilan qariyalar o’rtasida.”
“Odamlar qanaqadir juda madaniyatsiz, menimcha. Bir-biriga ustupka qilib, mayli, men bitta gapdan qolay, shunda uning ham asabi buzilmaydi, mening ham asabim buzilmaydi, degan gap yo’q. Qanaqadir bir-biriga zardasini qilib, bir-biriga gap qaytarib, sen unaqa deding-sen bunaqa deding. Bu ham asabga bog’liq. Asabiy-da odamlar.”
Odamlarning ruhiy holati, kayfiyatlari ularning o’zaro muomala-munosabatlarida ham aks etayotganligi aytiladi. Ba’zilarga ko’ra, so’nggi yillardagi iqtisodiy qiyin ahvol odamlarning muomala madaniyatiga ham salbiy ta’sirini ko’rsatmay qolmagan.
“Endi hozir vaziyat ozgina og’irlashib qolgan iqtisodiy tomondan. O’shaning uchun hamma odamlarda ozgina qiynalish, moddiy tomondan qiynalgandan keyin, ma’naviy tomonlari ham susayib qoladi. Sizning hamma narsangiz yetarli bo’lsa, muomalangiz ham yaxshi bo’ladi, tilingiz ham yaxshi bo’ladi, so’zingiz ham o’tkir bo’ladi. Siqilish bo’lgandan keyin, insonlarning noroziligi juda ham kayfiyatiga ta’sir qiladi”, - deyishadi ayrim o’zbekistonliklar.
Ingliz tilida “siz” va “sen” olmoshlarining bir xil formasi bo’lgani holda, o’zbeklar o’zaro muomalada ‘senlab’ yoki ‘sizlab’ so’zlashuvga juda katta e’tibor berishadi. Biroq O’zbekiston viloyatlarining barchasida ham aholi muomala darajasi bir xil emasligini aytadi jurnalist Olim Xo’jayev:
“Xushmuomalalikning ham darajasi bor. Masalan, shaharda madaniyat nisbatan boshqacha, ayniqsa Toshkent, Samarqand shaharlarida odamlar juda xushmuomala. Masalan, o’zidan kichkinani ham ‘aka’ deyishi bu Surxandaryo, Qashqadaryo yoki Xorazm tomonlarda g’ayritabiiy tuyulishi mumkin. U yoqda bu narsaga ular laganbardorlik, xushomadgo’ylik deb qarashadi. Lekin Surxandaryo, Qashqadaryo tomonlarda odamlar unchalik xushmuomala bo’lmasalar ham, ularda samimiylik, bir-biriga ishonch, bir-biriga bo’lgan e’tibor nisbatan kuchliroq.”
Ba’zi kuzatuvchilar fikricha, oilaviy hamda qarindosh-urug’lar orasidagi muomala-munosabatda ham bir qadar o’zgarishlar ko’zga tashlanayotir. Iqtisodiy nochor ahvol do’st-yoru qarindoshlarni ham bir-biridan uzoqlashtirayotganini aytadi iqtisodchi Qodir To’xtayev:
“Bitta mehmon kelsa, kam deganda 20 ming so’m kerak, minimalniy mehmon qiladigan bo’lsangiz. Bu pul hozir yarim oyligimiz. Demak, mehmon ham kelmaydi uyingizga. Bir do’stingiz ham kelmaydi. Demak odamlarning boshi qovushmaydi. Do’stlar ham bir-biridan faqat telefon bilan aloqa qilib, salomlashib qo’yadi.”
Olim Xo’jayevga ko’ra, avvallari o’zbek xalqi orasida oilaviy rishtalar mustahkamligi ko’zga tashlangan. Bugungi kunda esa, ana shu an’analarning ham o’zgarayotganligini kuzatish mumkin.
“Ya’niki, biz oldin urug’-aymoq ahil bo’lib, kollektivizm tuyg’usi agar bizda kuchli bo’lgan bo’lsa, hozir aksincha, ya’ni kim o’zining aravasini tortsa, o’sha ketyapti. Masalan beshta aka-uka bo’lsa, undan bittasi agar tadbirkor bo’lsa, ko’pincha o’qituvchi bo’lgan ukasiga nisbatan yaqin bo’lmaydi. Lekin bu hamma holatda emas, ya’ni sababi oilaviy fermer xo’jaliklar bor, oilaviy firmalar bor, katta-katta korporatsiyalar tashkil topyapti. Aka-ukalar, qarindosh-urug’lar birgalashib tadbirkorlikni yo’lga qo’yishyapti. Lekin har holda oldingiga nisbatan bizda shaxs sifatida ajralib chiqish oiladan, mustaqil kun kechirish va faqat o’zining hayotini muammolarini hal qilish, hech bo’lmasa shuni birinchi planga qo’yish tuyg’usi kuchayib bormoqda.”
Ayrimlar esa, o’zaro munosabatlarda o’zbeklarga xos qirralarning yo’qolishi fojia emas, ehtimol zamonga moslashuv ekanini qayd etishadi.