Breaking News

Jurnalist talabalar faoliyati rahbarlar diqqat markazida


O`zbekistonda nafaqat jurnalistlar, hatto jurnalist bo`lishni istagan yoshlar faoliyatini ham e’tibordan qochirmaslikka harakat qilinmoqda.

Yosh jurnalistlarga, aniqrog`i, Samarqandda bir yil avval oz faoliyatini tugatishga majbur bo`lgan “Yosh jurnalistlar maktabi”ning sobiq o’quvchilariga ular o`qiydigan institut rahbariyati bosim o’tkazayotgani ta`kidlanadi.

Hozirda faoliyati tugatilgan “Yosh jurnalistlar maktabi” rahbari, jurnalist Toshp`olat Rahmatullayevning aytishicha, maktab o’quvchilarining ota-onalari farzandlarga ko`rsatilayotgan tazyiqlar haqida gapirishgan.

“Men buni ayrim talabalarning ota-onalaridan eshitdim. Prorektor ulardan tushuntirish xati olgan. Sababini aytmagan. Nima sababdan? Kim olgan? Kimlardan olgan? Buni hozir men aniq nomma-nom ayta olmayman”, - deydi Rahmatullaev.

“Yosh jurnalistlar maktabi” AQShning O`zbekistondagi elchixonasi moddiy ko`magida bir yil mobaynida faoliyat yuritgan. Keyinchalik mamlakatda nodavlat tashkilotlar yopila boshlaganch, faoliyatini tugatishga majbur bo`lgan.

Toshp`olat Rahmatullayev fikriga ko`ra, maktab yosh jurnalistlarni asosan qanday yangilik yozish, axborot bilan ishlashga o`rgatgan. Maktab faoliyati viloyat hayotini yorutuvchi yosh jurnalistlar uchun muhim bo`lgan.

Toshp`olat Rahmatullayev nega aynan bugunga kelib maktab bitiruvchilari so’roqqa tutilayotganini aniq izohlay olmaydi.

“Jurnalistika maktabi 2005 yilning oxirida o`z faoliyatini tugatgan edi. Mening bilishimcha, tushuntirish xati yozdirib olish o`tgan yili bo`lgan, nega aynan bir yildan so`ng bunday bo`layapti, izohlashim qiyin”, - deydi u.

Ismi oshkor etilishini istamagan maktab o`quvchilaridan birining Ferghana.ru axborot agentligiga bergan intervyusiga ko`ra, rektorat xodimlari undan maktabda nimalar o`rgatishgani, kimlar dars o`tgani va qanday axborot saytlari uchun maqola tayyorlashganini so`ragan.

Taxminlarga ko`ra, rektoratga bu topshiriq maxsus xizmat vakillari tomonidan yuklangan. Tekshiruv maktab AQSh tomonidan moliyalashtirilgani uchun amalga oshirilayotgani ham ta’kidlab o`tiladi.

Muxolifat a`zosi, jurnalist Abdurahmon Tashanovning aytishicha, yosh jurnalistlarga tazyiqlar jurnalistlarning hamisha faol qatlam bo`lishi bilan bo`gliq.

“Bu loyiha mualliflari, tashkilotchilari faol kishilar edi. Ularga boshlangan tazyiqlardan so`ng navbat albatta shogirdlariga kelgan”, -deydi u.

Mustaqil jurnalistlarning biri nazarida O`zbekistondagi jurnalistika hukumatning kuchli nazoratida qolishi bilan birga, uslubiy jihatdan hamon avvalgi ittifoq jurnalistikasi yo`lidan bormoqda.

“Dunyo jurnalistika maktabi, muammoni aniq ko`rishga, uning ijtimoiy qimmatini belgilashga va bu haqda ochiq yozishga o`rgatadi. Aynan shu bois zamonaviy jurnalistikani, dunyo standartlarida yozishni hukumat qabul qila olmaydi”, - deydi u.

Rasmiy manbalar, jumladan, O`zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi rasi Sherzod G`ulomov matbuotdagi chiqishlarida milliy jurnalistikaning xalqaro standartlar darajasida rivojlanayotgani, buning uchun turli moddiy va texnik ko`maklar ko`rsatilayotgani, tanlovlar e`lon qilinayotgani haqida gapiradi.

Yaqinda Jurnalistlar uyushmasi yilning eng yaxshi jurnalisti uchun tanlov e’lon qilgan.

Jurnalist Tashanovning aytishicha, tanlov doirasida faqat hukumat pozitsiyasini yoritgan jurnalistlar taqdirlanadi.

Hukumat avvalgi sovet jurnalistikasi uslubini saqlagan holda, deydi mustaqil jurnalistlar, mukofotlarni faqat hukumat targ`iboti bilan shu`gullangan jurnalistlargagina bermoqda.

“Haqiqatda esa jurnalistikani zamonaviy darajada o`zlashtirgan, o`z maqolalari bilan O`zbekistondagi og`ir muammolarni yoritgan, natijada esa qamoqqa tashlangan yoki O`zbekistondan chiqib ketishga majbur bo`lgan jurnalistlarni istagancha misol keltirish mumkin”, - deydi mustqail jurnalistlardan biri.

XS
SM
MD
LG