Inson huquqlari bo’yicha xalqaro Human Rights Watch (Xyuman Rayts Uotch) tashkiloti o’zining yillik hisobotini chiqardi.
Unda G’arb davlatlari tomonidan nodemokratik hisoblangan O’zbekiston ham, demokratik deb tan olingan Qo’shma Shtatlar ham tanqid qilingan.
500 dan ziyod sahifadan iborat hisobotda 75 dan ortiq davlatlardagi inson huquqlari ahvoli yoritilgan. Qo’shma Shtatlar alohida tanqidga uchragan.
Human Rights Watch ijrochi direktori Kennet Rotning aytishicha, Bush ma’muriyatining inson huquqlarini himoya qilishdagi muvaffaqiyatsizligi Yevropa Ittifoqini inson huquqlari himoyachisi rolini o’z zimmasiga olishga undamoqda.
"Qo’shma Shtatlar demokratiya haqida keng ma’noda gapiradiyu, biroq qiynoqqa solinishlarga, ayblanuvchilarning yo’qolib qolishlariga, odamlarning sudsiz ushlab turilishlariga qarshi samarali kurasha olmadi, negaki AQShning o’zi bularga qo’l urgan."
Hisobotda xususan AQShning Kubadagi Guantanamo qamoqxonasi tilga olinadi. Hisobotga ko’ra, u yerda saqlanayotganlarga yomon munosabatda bo’linmoqda. Ular shunday adolatsiz tizim qurboniga aylanganlarki, bir necha yil sudsiz tutqunlikda qolishlari mumkin, deyiladi tashkilot hisobotida.
Tashkilot rahbari boshqa davlatlarda ham inson huquqlari ahvoli ijobiy emasligini ta’kidladi.
"Xalq Shimoliy Koreya, Birma va Turkmanistonda totalitar qatag’onga uchragan. Vyetnam, Saudiya Arabistoni va Suriya yopiq jamiyatligicha qolmoqda. Rossiya, Misr va Eronda nohukumat tashkilotlarga qarshi yangidan bosim o’tkazilmoqda. Xitoyda ham ahvol yaxshi emas," - deydi Kennet Rot.
Human Rights Watch Yevropa Ittifoqini inson huquqlari himoyasi borasida yetakchilikni o’z qo’liga olishga, ittifoq raisligini olti oyga qabul qilgan Germaniyani esa prezidentlik davrida inson huquqlari himoyasini kun tartibidagi muhim masalaga aylantirishga chaqirdi.
O’zbekistondagi ahvol ham tashkilot hisoboti diqqatidan chetda qolmadi. Human Rights Watchning Yevropa va Markaziy Osiyo bo’yicha direktor muovini Reychel Denberning aytishicha, 2006 yil mustaqil O’zbekiston tarixida inson huquqlari bilan bog’liq vaziyat bo’yicha eng yomon yil bo’ldi. Andijondagi qirg’in bo’yicha haligacha adolat qaror topmadi.
"Hukumatning huquq himoyachilari, mustaqil jurnalistlar va siyosiy faollarga nisbatan tazyiqi har doimgidan ham kuchli bo’ldi."
Reychel Denberning aytishicha, 2006 yil ichida 9 nafar huquq himoyachisi, bir necha jurnalist asossiz ayblovlarga ko’ra qamoqqa tashlandi.
"Qamoqda qiynoqlarga solish hollari keng tarqalgan va tashkilot bu borada yangi hollarni qayd etishda davom etmoqda. Diniy fundamentalist tamg’asi ostida dindorlarga qarshi tazyiqlar kuchaydi."
Hisobotning to'liq ko'rinishi
Hisobotning O'zbekiston bo'yicha qismi