Breaking News

Tog'ay Murod - o'zbek adabiyotiga betakror uslub kiritgan yozuvchi


Yaqinda O`zbekiston hukumati o`zbek sovet adabiyotining yorqin vakili, yozuvchi Abdulla Qahhorning 100 yilligini nishonlash haqida qaror qabul qildi.

Adabiyotshunoslarga ko`ra, xotirasi abadiylashtirilishi lozim bo`lgan yozuvchilardan yana biri bu Tog`ay Muroddir.

"Ot kishnagan oqshom", "Otamdan qolgan dalalar", "Bu dunyoda o'lib bo'lmaydi", "Oydinda yurgan odamlar" kabi asarlari bilan tanilgan Tog`ay Murod o`zbek adabiyotiga milliylik ruhini qaytargan yozuvchilardan hisoblanadi.

Tog`ay Murodga o`zbek Sovet adabiyoti qolipini parchalagan, adabiyot ruhini va matnni milliylikka qaytargan yozuvchi sifatida baho beriladi.

Tog’ay Murodning asl ismi Tog’aymurod Mengnorov bo'lib, u 1948 yili Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi Xo’jasoat qishlog’ida dunyoga kelgan.

Tog`ay Murod asarlari millatning yaqin yuz yillikdagi fojiasini beradi, uning asaralarida madaniyatlar to`qnashadi, zulmning qiyofasi ochiladi, xo`rlangan ruh, milliy madaniyat qadimiy ohanglarda tirilib millatga qaytariladi.

Tog`ay Murod asarlari haqida uzoq gapirish mumkin, deydi adabiyotshunoslar, biroq uning shaxsi haqida gapirish murakkab.

Yozuvchi matbuotda deyarli intervyu bermagan, adabiy davralarda qatnashmagan, ko’proq jamiyatdan uzilib yashagan.

Yozuvchi Xolmuhammad Karimga ko`ra Tog’ay Murod o`zbek adabiyoti uchun yashagan, oilasi, farzandlari, kelajagini ham adabiyot orqali ko`rgan yozuvchi.

“Adabiyotimizda shunday bir nochor ahvol borki, dunyoga chiqish uchun uchqunlanayotgan yozuvchilarni e`tiborga olmaymiz. Talantli yozuvchilar hech kimni oldiga arz qilib bormaydi, hech narsa so`ramaydi, o`z iste`dodiga ishonib yozaveradi. Yozgan narsalari dunyo u yoqda tursin, xalqimizga ham durustroq yetib kelmaydi. Mana shu Tog’ay Murodning asaralari. O`zbek tilidagi go`zal o`xshatishlarni, milliylikni adabiyotga olib kirdi. Olib kirganda ham tumtoq shaklda emas, go`zal bir bezaklar bilan olib kirdi. Afsus, biz shu narsaning qadriga yetolmadik”, - deydi Xolmuhammad Karim.

Yozuvchi asarlaridagi sevgi, yurt, millat tushunchalari qoliplangan so`zlar shaklida emas, tabiiy, ming yillar davomida shakllangan madaniyat, bu madaniyat ustuni bo`lgan tuyg’ularda tiriladi, o`quvchi qalbiga kiradi.

Tog’ay Murod O`zbekiston xalq yozuvchisi unvoni bilan taqdirlanganiga qaramasdan, deydi ijodkorlar, bugungi kunda yozuvchi ijodini targ`ib qilish deyarli to`xtagan.

Yozuvchi Luqmon Bo`rixonning aytishicha, ehtimol o’zbek adabiy jamoatchiligi, rahbarlar Tog’ay Murodning nomini abadiylashtirishni o`ylab ko`rar.

“Adabiyot nuqtai nazaridan qaraganimizda, u kishi rasmiy tomondan qaysidir ma’noda unutilganiga qaramasdan, o`quvchilar orasida o`z asarlaridagi milliy ruh bilan kezib yuribdi. Biz bugun yosh yozuvchilarni asarlarini o`qir ekanmiz, beixtiyor uning ta’sirini qidiramiz. Chunki o`sha ruh, o`sha ohang hamisha bizga kerak. Xohlaymizmi yo`qmi, agar o`zbekligimizni anglamoqchi bo`lsak, asarlarimizga ana shu ruhni singdirishimiz kerak”, - deydi Bo`rixon.

1970-80 yillarda o`zbek adabiyotiga yangi bir avlod kirib kelgan. Ular an`anaviy sovet adabiyotini shaklan va usluban o`zgartirishga chog`langan avlod sifatida qayd etiladi. Bu avlod vakillarining aksariyati shakliy va uslubiy o`zgarishlarda Yevropa adabiyotiga, yangi modernistik adabiyotga andoza qilishgan.

Fikrlarga ko`ra Tog`ay Murod o`zbek adabiyotidagi yangilanishni aynan milliylikka asoslanib yaratgani bilan ham ajralib turadi.

Shoir Bahrom Ro’zimuhammadning bildirishida, Tog’ay Murod ijodi bugun nemis turkshunoslari tomonidan o`rganilmoqda. Tog`ay Murod asarlarining nemis tilida chop etilishi ehtimoli bor.

Tog’ay Murod asarlarida so`nggi yuz yilda o`zbek millati boshdan kechirgan fojialarning aniq yaxlit tasavvuri mavjud. Bu tarixiy davrda o`zbek xalqi qanday yashaganini bu darajada aniq beruvchi boshqa yozuvchini misol keltirish qiyin.

Shu bois ham Tog`ay Murod asarlarining targ`iboti muhim, deydi adabiyotshunoslar.

Adabiyotshunos olim Baxtiyor Isabek Tog`ay Murod ijodi, asarlariga nisbatan targ`ibot deyarli yo’qligi sababini hozirgi siyosatda ko`radi.

“Hali milliy siyosat, milliy adabiyot uchun kurashgan kishilarda qandaydir ta’sir kuchi borligi paytda hukumat ularning ayrim g`oyalarini mutlaqo inkor eta olmasdi. Masalan “Turkiston umumiy uyimiz” g`oyasi ilgari surildi, biroq hukumat to`la kuchga kirgach, hukumat ham, hukumat nomidan adabiyotni boshqarayotganlar ham ulardan mutlaqo voz kechdi. O`sha paytda Tog’ay Murodni Rauf Parfi singari nariga surib qo`yish qiyin edi.”

“Shuning uchun unga xalq yozuvchisi unvonini berilishi uning ijodi hukumat tomonidan butunlay e`tirof etildi degan narsaga qo’shila olmayman. Unvon Tog`ay Muroddan ancha past bo`lgan yozuvchilarga berilgan bir paytda Tog’ay Murodga bermaslik mumkin emas edi”, - deydi adabiyotshunos olim Baxtiyor Isabek.

Mulohazalarga ko`ra, yozuvchi Tog`ay Murod xotirasini abadiylashtirish allaqachon amalga oshirilishi lozim bo`lgan mas`uliyat.

XS
SM
MD
LG