Breaking News

Alisher Navoiy ijodiga yetarli e'tibor qaratilmayapti


9 fevral kuni hazrat Alisher Navoiyning 566 yilligi nishonlandi. Navoiy hakayli poyiga gullar qo’yildi, kam nusxada bo’lsada Navoiy asarlari nashrdan chiqdi.

Biroq adabiyotshunoslar fikricha bu marosimlar hazrat ijodining bugungi avloddan tobora uzoqlashayotganini to`xtata olmayapti. Navoiyga ehtirom ko`proq yuzakilik kasb etmoqda.

Sharqshunos olim Abdusattor Jumanazarning aytishicha, turkiy dunyo adabiyotga murojaat qilganda albatta Navoiyni eslaydi, biroq bugungi kunda jamiyatda Navoiyga berilayotgan ahamiyat shu darajada emas.

“Nashr qilingan kitoblar o’ta kam nusxada, hatto mutaxassislar uchun ham yetarli darajada emas. Shuning uchun ham juda qimmat, aholi olish darajasida emas. Navoiyning tili 500 avvalgi til, bugungi tilga mos tushmay qolayapti. 80-yillarda Navoiy tilining izohli lug`atlari chop etilgan, bugungi kunda u ham to`xtab qolgan”, - deydi olim.

Adabiyotshunos olim Baxtiyor Isabek ta’biricha har bir davrda Navoiy ijodiga turlicha yondashilgan, o`z manfaatlariga bo’ysundirishga harakat qilingan.

“Hatto Navoiyning turmushiga ham kommunistik davrda o`ziga xos obrazlar kiritilgan. Guli obrazi nega kiritildi? Navoiy turmushi uning yozgan narsalariga to’g’ri kelmaydi, aslida u ham bizga o`xshagan kommunist degan narsani kiritish uchun. Chunki muhhabat mavhum tushuncha. O’sha mavhumlikni konkret Guliga ulashdi, bu Navoiyni noto’g’ri talqin qilish edi. Mutafakkirlar o`z qarashlarini yanada nurliroq qilish uchun ham Navoiydan ko`p narsa topishadi. Bularning hammasi hazrat Navoiyning serqirraligini, ulug`ligini belgilaridir”, - deydi Isabek.

Shoir Bahrom Ro’zimuhammad, Navoiy turkiy til qadri nisbatan kamsitilgan bir davrda yashagan, u o`z ijodi bilan turkiy tilini cho’qqiga ko`targan, deydi.

Shoirga ko`ra hazrat ijodi bu bilan cheklanamaydi, u o`z ijodi bilan dunyodagi sanoqli allomalarga tenglashgan, biroq bu qudrat dunyoga yetkaza olinganicha yo`q.

“Dante, Fariddin Attor, Rumiy, Gyote, Pushkin asarlari dunyoning barcha tillariga tarjima qilingan. Biroq Navoiyning birorta asari ingliz tiliga mutaxassislar tomonidan tarjima qilinganmi degan savolni qo’ysak, bu savol javobsizligicha qoladi. Yaqin kunlargacha Germaniyada Navoiy o’zi mustaqil asar yaratmagan, fors shoirlarining taqlidchisi degan noilmiy bir qarash bo`lgan. Faqatgina ichkari bilan ovora bo`lib qolmasdan, Navoiyni dunyoga chiqarish vazifasi ham turibdi. U hali dunyo miqyosida kashf qilinmagan”, - deydi shoir.

Sharqshunos olim Abdusattor Jumanazar fikriga ko`ra Navoiy dahosini anglash avvalo turkiy davlatlarning o`zida namoyon bo`lishi kerak.

“O`zbekistonda Navoiy kuni nishonlandi, biroq bu narsa Afg`onistonda, Qirg’iziston, Qozog`iston va yoki Turkiyada nishonlandimi, biz bu haqda hech narsa bilmaymiz. Vaholanki Navoiy turkiy dunyoning yetuk shaxsi. Buning uchun aniq bir davlat harakat qilishi kerak, bu O`zbekiston bo`lishi mumkin. Lekin O`zbekistondagi ahvol men yuqorida aytgan darajada bo`ladigan bo`lsa, boshqa yoqdan umid qilib ham bo`lmaydi”, - deydi Jumanazar.

Navoiydan foydalanishgina kuzatib kelinyapti, deydi adabiyotshunos Baxtiyor Isabekka, biroq u istagan g’oyalar uchun harakat yo’q.

“Hozirgi siyosat Navoiy butun umri kuylagan turkiy birlik g`oyasiga qarshi emas, balki o`zbek birligi g’oyasiga ham qarshi. Bu siyosat Navoiyni bizdan uzoqlashtiradi. Hududiy siyosat millatni o`tmishini ham, hozirini ham chegaralab tashlaydi. Navoiydan keragicha foydalanishadi, biroq qaytim ham berish kerak-ku. Hukumat 20-30 ming dollar sarflab Navoiyni xoki ko`milgan joyni, u qurdirgan imoratlarni ta’mirlasa kambag’al bo`lib qoladimi”, - degan fikrlarni bildiradi Baxtiyor Isabek.

Adabiyotshsunoslarning aytishicha, Hazrat Navoiyga ehtirom ko`rsatilayotgan bugungi kunlarda uning qabrini ziyorat qilish, obodonlashtirish birinchi galdagi vazifadir.

XS
SM
MD
LG