Breaking News

Qirg'izistonda Hizb-ut-Tahrir a'zolari safi kengaymoqda


Keyingi yillarda Qirg’izistonda ko’plab davlatlarda faoliyati taqiqlangan “Hizb-ut-Tahrir” diniy oqimi tarafdorlari soni ortayotgani kuzatilmoqda.

“Hizb-ut-Tahrir” bunga nafaqat siyosiy, balki ijtimoiy muammolarni ham hal qilish haqidagi va’dalari orqali erishmoqda.

“Hizb-ut-Tahrir” diniy oqimi a’zosi bo’lgan Muzaffar ismli yigitning aytishicha, xayrixohlar soni, ayniqsa, iqtisodiy jihatdan rivojlanmagan chekka tuman va shaharlarda ko’pchilikni tashkil qiladi.

“Huquq-tartibot idoralari tomonidan xavf bo’lgani uchun odamlar “tashkilotingizga a’zo bo’lishni xohlayapman”, deya ochiq aytolmaydi. Ammo moddiy jihatdan bizga yordam berib yurganlar juda ko’p”.

Odatda O’zbekiston prezidenti Islom Karimov tuzumiga qarshi, AQSh va Isroil siyosatini qoralab, varaqa tarqatish bilan shug’ullanadigan “Hizb-ut-Tahrir” a’zolari keyingi paytda mintaqada mavjud ijtimoiy muammolarga ham e’tibor qarata boshlagan.

Qirg’iziston janubida, o’zlarining aytishlaricha, “hizbchi”lar aholiga kommunal xizmatlardan foydalanish va soliq to’lash borasida huquqiy ko’mak ko’rsatmoqda.

Bayramlarda aholining kam ta’minlangan qismi – qariyalar, yetimlar va nogironlar uchun tantana uyushtirib, sovg’a-salom ulashmoqdalar. “Hizbchi”lar tabiiy ofatdan jabrlangan tog’li tumanlar aholisiga moddiy yordam ko’rsatayotgani aytiladi.

Shuningdek, “Hizb-ut-Tahrir” Qirg’izistonda kechayotgan siyosiy jarayonlarga nisbatan “Islomiy Xalifalik” nuqtai-nazari aks etgan bayonotlar orqali doimiy chiqishlari bilan tanilgan.

Bir so’z bilan aytganda, taqiqlangan diniy oqim davlat mas’ul bo’lgan, ammo aksar hollarda hal qilishga ojiz muammolarni hal qilish orqali aholi o’rasida obro’ qozonishga urinayotir.

11 yildan beri "Hizb-ut-Tahrir”ga a’zo Muzaffarning aytishicha, keyingi paytda kuchaygan ta’qib-tazyiqlar omma o’rtasida “hizbchi”larning tanilishiga sabab bo’lmoqda.

“Avval odamlarni jalb qilishda juda qiynalganmiz. Bu tashkilotni Islom Karimov dunyoga tanitdi. Meni xalq tushunadi, chunki men geroin bilan shug’ullanmayman, men qurol-yarog’ bilan shug’ullanmayman. Xalq meni namozxon, qori bola deb tushunadi. Meni mahallamda 20 kishi yo taniydi, yo tanimaydi. Ammo uyimga 20 askar bilan bostirib kirib, qurol-yarog’ tashlab, umrimda to’pponcha ko’rmaganimga qaramay, olib chiqib ketadi".

Shundan keyin, deydi u, ularning oila a'zolari, qarindosh-urug’lari, qo’shnilari – kamida 100 kishi hukumatga qarshi bo’lib qoladi. Minglab odamlarni olib chiqib ketib, xalqni o'ziga qarshi qildi, deydi u.

Qirg’iziston Ichki ishlar vazirligining ekstremizm va noqonuniy muhojirotga qarshi kurash boshqarmasi boshlig’i Azamat Qutmanaliyev “Hizb-ut-Tahrir” a’zolarini qamash orqali kutilgan natijaga erishib bo’lmasligini tan oladi.

“Ta’qib, uzoq muddatli jazo hech qachon kutilgan natijani bermaydi. Aytaylik, “Hizb-ut-Tahrir” a’zosi bo’lgani va varaqa tarqatgani uchun birovni 10 yilga qamab, muammoni hal qilib bo’lmaydi. “Hizb-ut-Tahrir” nimani targ’ib qilyapti, bularning g’oyalari qanday, O’zbekiston Islomiy Harakati qanday tashkilot, nima uchun Islom Karimovga qarshi, nimaga bu narsalar sodir bo’lyapti? Bularning hammasini xalqqa yetkazishimiz kerak. Xalq kimning kimligini bilishi kerak”.

Rasmiylar mamlakatdagi davlat siyosatini qo’llab-quvvatlovchi ulamolarni “Hizb-ut-Tahrir”ga qarshi kurashga chorlash orqali hech qanday natijaga erisholmagan.

Qirg’iziston muftiy, imomlari, din ishlari bo’yicha davlat qo’mitasi yil sayin Haj mavsumida yo’l qo’yayotgan kamchiliklar, yulg’ichlik va poraxo’rlik aholi nazaridan chetda qolayotgani yo’q.

Qolaversa, ulamolar ham turli oqimlar bilan bahslashish, bu oqimlar targ’ib qilayotgan aqida va g’oyalar notog’ri ekanini isbotlab berish uchun o’zlarida yetarli diniy bilim va salohiyat yo’qligini tan oladilar.

XS
SM
MD
LG