Yaqinda Al-Jazira arab televideniyesi daniyalik mustaqil jurnalist Maykl Andersenning Andijon voqealariga bag’ishlangan filmini namoyish etdi. Al-Jazira sun’iy yo’ldosh orqali efirga chiqadi va o’tgan yili ingliz tilida ham axborot uzatuvchi 24 soatlik kanalini ochgan. Janob Andersenning Andijon haqidagi hujjatli filmi “Bizning yangi do’stimiz – Andijon qotili” deb ataladi.
Uning aytishicha, u Andijonda 2005 yil may voqealaridan ikki hafta oldin bo’lgan. Xalqaro hamjamiyatning O’zbekiston hukumati harakatiga nisbatan sust munosabati Andersenni bu haqda film yaratishga va u orqali xalqaro hamjamiyat e’tiborini O’zbekistondagi inson huquqlari ahvoliga qaratishga undagan.
"Men O’zbekistonda ko’p vaqt o’tkazganman. Men tanigan odamlarning bir nechtasi Andijondagi otishma paytida halok bo’lgan. Yevropalik sifatida G’arbning bu mudhish tuzumga munosabat bildirmayotganidan xijolatdaman."
Al-Jazira telekompaniyasining ingliz tilidagi surunkali sun’iy kanali filmni bir necha bor namoyish etdi.
"Film efirga uzatilgach, ko’plab odamlardan minnatdorchilik bitilgan xat va qo’ng’iroqlar oldim. Bir necha kinofestival va anjumanlarga taklif ham qilishdi. Film xalqaro hamjamiyat diqqatini nafaqat O’zbekistondagi, balki butun boshli Markaziy Osiyodagi muammolarga ham jalb qiladi, degan umiddaman."
Michael Andersen bir necha yil burun Toshkent Davlat Universitetida dars bergan. Uning aytishicha, O’zbekistonda siyosiy vaziyat o’shandan beri keskin o’zgargan. Uning yaxshilanishi uchun chuqur siyosiy islohotlar zarur, deydi u. Islom Karimovning siyosiy sahnadan ketishi shunga olib kelishi mumkinmi, deb so’rayman suhbatdoshimdan.
"Bu savolga Karimov ketsa vaziyat undan ham yomonlashishi mumkinmi, degan savol bilan javob berishim mumkin. Toshkentda yashab yurgan paytimda odamlar Tojikistonga ishora qilib, bizga fuqarolik urushi kerak emas, deyishar edi. Biz, g’arbliklarga, qanday qilib bo’lmasin demokratiyaga erishishingiz zarur, deyish oson albatta. Biroq o’zbek xalqi buning zarurligini o’zi anglash payti keldi. O’zbek xalqi demokratiya sinoviga tayyormi yoki yana 10-15 yil Karimov va vorislari zulmiga chidashga rozimi?"
Daniyalik mustaqil jurnalistning aytishicha, Karimov ketishi bilan demokratiyaga darhol erishilmaydi albatta, biroq so’nggi 15 yil ichidagi amaldagi siyosat xalq turmush tarzini yaxshilamagach, o’zgarishga o’tkir ehtiyoj sezilmoqda. Ammo Andijon voqealaridan so’ng ham xalq o’zgarishlarni amalga oshirishga qodir emasligini ko’rsatdi, deydi Maykl Andersen.
"Andijon voqealari xalqni oyoqqa ko’taradi, degan fikr bo’lgan ayrim odamlarda. Biroq ba’zilar bilan suhbatimdan shu narsani o’zimga xulosa qildimki, Karimov bundan qattiqroq qirg’inga ham qodir."
Maykl Andersen Yevropa Ittifoqining O’zbekiston hukumatiga nisbatan yumshoq siyosatidan norozi. Uning kinoya qilib aytishicha, ittifoqqa a’zo ayrim davlatlar O’zbekistondan gaz olish maqsadida shunday siyosat yuritmoqda. Va ayniqsa Yevropa Ittifoqida iyul oyigacha prezidentlik qilayotgan Germaniya.
"Biroq bu bilan iyul oyi kelgach, vaziyat o’zgaradi, deb o’ylamaslik kerak. Germaniya ayni damda Yevropa Ittifoqi a’zolarini Markaziy Osiyoga nisbatan siyosat yuritish strategiyasini qabul qilishga undamoqda. Bu uzoq muddatli strategiya bo’ladi."
Jurnalist Maykl Andersen nazarida Termizda harbiy bazaga ega Germaniya O’zbekistonga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish o’rniga rasmiy Toshkent bilan muloqot olib borish siyosatini oqlamoqda.
Yevropa Parlamentidagi deputatlardan birining yordamchisiga ko’ra, bunday siyosat mahsulli bo’lishi mumkin.
"Germaniyaning O’zbekiston bilan ijobiy munosabatlarini hisobga oladigan bo’lsak, uning Ittifoqdagi prezidentligi qo’l kelishi ham mumkin. Balki bu hol muloqotni yaxshiroq olib borishga yordam beradi, - deydi Yevropaparlamentdagi guruhlardan birining vakili.
Jurnalist Maykl Andersenning ta’kidlashicha, Yevropa Parlamentida aksariyat guruh va deputatlar Karimov hukumatiga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirish tarafdori bo’lishiga qaramay, Yevropa Parlamenti Yevropa Kengashidan farqli o’laroq qaror qabul qilish vakolatiga va siyosiy mavqega ega emas.
Kelajak rejalari haqida gapirar ekan, Maykl Andersen ayni damda Andijon voqealari haqidagi filmini turli mamlakatlarda namoyish etishga hozirlik ko’rayotganini ma’lum qildi.