O’zbekistonda prezident saylovlari yaqinlashar ekan, AQShdagi ayrim siyosatchilar saylovlar istiqboli haqida gapira boshlagan. AQShning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Komissiyasining yangi raisi kongressmen Elsi Xeystings (Alcee Hastings) ham bu borada o’z munosabatini bildirdi.
70 yoshli Elsi Xeystings qora tanli qonun chiqaruvchi. 1992 yildan beri AQSh Kongressi a’zosi. O’tgan yil noyabr oyidagi saylovlarda demokratlar salmoqli g’alabaga erishgach, Xeystingsning ham nufuzi oshdi. U Vakillar Palatasining qoida va normalar hamda razvedka bo’yicha muhim qo’mitalarining a’zosi. AQShning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Komissiyasi, qisqacha Xelsinki Komissiyasiga yangi rais etib tayinlandi. O’zbekistonga uch marta borgan. Andijon voqealari va AQSh-O’zbekiston aloqalarining sovuqlashganini afsus bilan tilga oladi.
"Muzlab qolgan munosabatlarimiz bizga nima naf keltirdi? Karimovni uzoqdan turib tanqid qilishimiz bilan O’zbekistonda demokratiya barq urib ketdimi? Men Yevropa Ittifoqining O’zbekiston bilan inson huquqlarini yaxshilash evaziga o’zaro aloqalarni tiklash harakatini qo’llab-quvvatlayman, biroq O’zbekiston ham javob qadamini qo’yishi kerak."
AQSh qonun chiqaruvchisi huquq himoyachisi Umida Niyozovaning yaqinda hibsga olinganini tilga olib prezident Karimovdan uning darhol ozod etilishini so’raganini ma’lum qildi. AQSh-O’zbekiston munosabatlari sustlashganiga qaramay, Qo’shma Shtatlar prezident Karimov bilan muloqotni davom ettirishi kerak, deydi kongressmen Xeystings.
Rossiya va Markaziy Osiyodagi siyosiy jarayonlarga bag’ishlangan Vashingtondagi tadbirda so’zlar ekan, Elsi Xeystings Rossiyadagi vaziyatning Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita bog’liqligini ta’kidladi. Agar Putin muddati tugagach ketsa va mamlakatda saylovlar demokratik ruhda o’tsa, Markaziy Osiyoda ham ijobiy o’zgarishlarga umid qilsa bo’ladi, deydi kongressmen.
"Islom Karimovning prezidentlik vakolati shu yili tugaydi. U hokimiyat tepasida qolishi yoki biron yo’l bilan hokimiyatini uzaytirish bo’yicha bir qarorga kelishi kerak. Agar hokimiyat tepasida qoladigan bo’lsa, obro’siga yanada putur yetishi va mamlakatda beqarorlik ehtimoli kuchayishi mumkin."
Tadbirda ma’ruza qilgan tahlilchi Daniel Kimmijning (Daniel Kimmage) aytishicha, ayrim mamlakatlarda ahvol o’ta nochor bo’lsa ham u yerdagi tuzum doim ham yemirilmaydi. Andijon voqealaridan so’ng ko’plab kuzatuvchilar O’zbekistonda yirik siyosiy o’zgarishlar bo’lishini, prezident Karimov hokimiyat tepasida uzoq qolmasligini bashorat qilgan edi.
"O’zbekistonda ko’plab iqtisodiy va ijtimoiy muammolar mavjud. Mamlakatda siyosiy jihatdan nafas olish qiyin bo’lgan muhit shakllangan. Biroq bu bilan tuzum ertaga qulaydi, deb o’ylamaslik kerak."
Bunga sabab, deydi yana bir mutaxassis, Fridom Xaus tashkilotining vakili Aleks Jupman (Alex Gupman), O’zbekistonda pul oqimining mavjudligi. Iqtisodiy ahvol og’ir bo’lishiga qaramay, deydi u, hokimiyat tepasidagilar gaz va boshqa resurslar hisobiga pul bilan ta’minlangan.
Tahlilchi Daniel Kimmijning aytishicha, Markaziy Osiyo davlatlari ichida birgina Qozog’iston o’zining xalqaro hamjamiyatdagi obro’si va o’rni haqida qayg’urmoqda. Shuning uchun ham uning barcha yirik davlatlar bilan aloqalari birday ijobiy. Mamlakatning 2009 yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining raisligiga intilishi esa Qozog’istonni demokratik islohotlar bobida qator choralarni qo’llashga undamoqda, deydi tahlilchi.