Breaking News

AQSh-Ozarbayjon aloqalari kuchaymoqda


Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Elmar Mammadiyorovning AQShga tashrifi doirasida Kaspiybo’yi mintaqasi va Ozarbayjonda neft va gaz ishlab chiqarishni kengaytirish va mahsulotni Yevropa bozoriga olib chiqishga qaratilgan shartnoma imzolandi, inson huquqlari va Tog’li-Qorabog’ masalalari ham muhokama qilindi.

Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri va AQSh Davlat kotibi Rossiya va Eronni chetlab o’tadigan yangi neft va gaz yo’nalishlari bo’yicha muzokara o’tkazdi.

AQSh rasmiylarining aytishicha, imzolangan shartnoma hech bir davlatga qarshi qaratilmay yonilg’i mahsulotlarini Yevropaga muqobil yo’llar orqali olib chiqishni ko’zda tutadi. Muqobil quvurlar raqobatni kuchaytirishi ham ta’kidlangan.

Qo’shma Shtatlar yangi neft va gaz quvurlarining Kaspiybo’yi mintaqasidan Yevropaga Ozarbayjon va Gruziya orqali tushirilishini qo’llab-quvvatlaydi. Ana shunday muqobil quvurlardan biri Boku-Tbilisi-Jayhun yo’nalishi bo’yicha o’tgan yili ochilgan. Yana biri Turkiyaning Erzurum shahridan tushiriladi. Bundan tashqari Yevropa Ittifoqi “Nabuko” nomini olgan gaz quvurini Kaspiydan Turkiya orqali Bolgariya, Ruminiya, Vengriya va Avstriyagacha tushirmoqchi.

AQSh Davlat departamentining Yevropa va Yevrosiyo bo’yicha rasmiysi Mattyu Brayzaning (Matthew Bryza) aytishicha, ushbu loyihalar Rossiya va Gazpromning yonilg’i bozoridagi mavqesiga putur yetkazmaydi.

"Turkiya gaz eksportining 65 foizini, Yevropa esa 40 foizini Rossiyadan oladi. Gazpromning bozori ancha katta. Biz raqobatni kuchaytirmoqchimiz."

AQSh va Ozarbayjon rasmiylari inson huquqlari masalasini ham muhokama qildilar. Mattyu Brayzaning aytishicha, rasmiy Boku siyosiy islohotlarni kuchaytirishi kerak. Tog’li Qorabog’ masalasida ham oldinga siljishlar bor, may oyida Armanistonda parlament saylovlari o’tgach ushbu masala bo’yicha muzokaralar davom etadi, deydi AQSh rasmiysi.

"12 maydagi saylovlardan so’ng ikki davlat prezidentlari o’zaro uchrashib, shu paytgacha “Minsk guruhi” bilan birgalikda Tog’li Qorabog’ maqomi bo’yicha ishlab chiqilgan hujjatni muhokama qiladilar."

Xabarlarga ko’ra, ushbu hujjat loyihasi Tog’li-Qorabog’ atrofidagi hududlardan Armaniston kuchlarini olib chiqishni va Tog’li-Qorabog’ maqomini referendum orqali hal qilishni ko’zda tutadi.

”Minsk guruhi”ga Qo’shma Shtatlar, Rossiya va Fransiya raislik qiladi. Yevropaning ayrim davlatlari hamda Ozarbayjon va Armaniston unga a’zo.

XS
SM
MD
LG