Breaking News

Vatandagi o'qishni AQShga ko'chirish mumkinmi?


Savol: Toshkent Davlat Agrar Universitetida o'qiyman. O’qishni AQShdagi universitetga o’tkazish mumkinmi?

Amerika Ovozi: Albatta, buning iloji bor. Har yili minglab xorijlik talabalar o’qishini Qo’shma Shtatlarga o’tkazadi. Toshkent Davlat Agrar Universitetida agronomiya, qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash, urug’chilik va zootexnika kabi ixtisosliklar oq’itiladi. Birinchi qiladigan ishingiz – AQShda ana shu mutaxassislikka yaqin universitetni izlab topasiz. Bu oson ish emas, chunki Qo’shma Shtatlarda minglab universitet va kollejlar bor. Qidirish va rejalashtirish ishlariga o’qishni boshlashdan kamida bir yil oldin kirishishni maslahat beramiz.

Asosiy masalalardan biri bu o'qishni moliyalash. AQShda universitetda bir yil o'qish taxminan 25-40 ming dollar atrofida. Grantlar va maxsus stipendiyalar uchun tanlovlar bir yil oldin boshlanadi. Qiziqqan yoshlar avvalo universitet tanlashi, qabul idorasi bilan aloqa o'rnatishi va ular taklif qiladigan moliyaviy yordam turlari bilan tanishib chiqishi lozim. Ingliz tilini bilish, moslashuvchanlik va tirishqoqlik talab qilinadi.

Biz Internetda kichik qidiruv o’tkazib, misol tariqasida Michigan Qishloq Xo'jaligi va Tabiiy Boyliklar Kollejida to’xtadik. Kollej o’tgan yili 336 nafar xorijlik talabani o’z safiga qabul qilgan. Ulardan 200 nafari iqtisodiyot, irrigatsiya va tuproqshunoslik kabi sohalarda o’qiydi.

Keling, endi qog’ozlarni rasmiylashtirish jarayoniga ko’z yugurtirib chiqaylik. Buning uchun eng ishonchli manba – AQSh Davlat Departamentining Ta’lim bo’yicha bo’limi veb sayti. www.educationusa.state.gov

Saytda ta’limga doir barcha ma’lumotlar, jumladan, o’qishni o’tkazish haqidagi axborot nafaqat ingliz, balki rus tilida ham bayon etilgan.

O’zbekistonlik talaba o’qish o’rtasida AQShdagi universitetga o’tmoqchi bo’lsa, u qator sinov-bosqichlardan o’tishi lozim bo’ladi.

Gap shundaki, O’zbekistondagi ta’lim tizimi AQShdagidan farq qiladi. Qo’shma Shtatlarda baholash tartibi, o’qitiladigan fanlar O’zbekistondagidan o’zgacha bo’lishi mumkin. Bu o’tish jarayonini ancha murakkablashtirishini tan olmasdan iloj yo’q.

Qo’shma Shtatlardagi universitetlar mazkur farqni inobatga olib, masalan, o’zbekistonlik talabaning arizasini quyidagilar asosida baholaydi:

a. Talaba o’qiydigan universitet mamlakatning o’zida, jumladan, O’zbekiston Oliy va o’rta ta’lim vazirligi tomonidan tan olinganmi?

b. Ana shu universitetda siz o’qigan fanlar AQShdagi ta’lim dargohida o’rgatiladigan fanlarga yaqinmi?

Bundan tashqari, ayrim ma’lumotlarni oldindan tayyorlab qo’yish zarar qilmaydi. Shunda universitetdan universitetga o’tish jarayoni ancha yengillashadi. Demak,

1. Universitetdagi barcha hujjatlarga muhr, imzolarni qo’ydirib oling. Bu ish qancha erta qilinsa, shuncha yaxshi, chunki kotibiyat, rektorat va dekanatdagi rasmiylar doim ham siz istagan vaqtda topilmasligi mumkin;

2. Universitetda o’tilgan fanlarning ingliz tilidagi qisqacha izohini qog’ozga tushirib, dekanatdan imzo qo’ydiring. Uning ichiga har bir dars uchun bir haftada belgilangan soatlar va semester davomiyligini yozib qo’ying;

3. Qo’shma Shtatlardagi universitet siz o’qigan darsliklar ro’yxatini ham so’rashi mumkin. Ana shunga qarab, ular sohadan qanchalik boxabar ekaningizni biladi.

Quyidagi veb saytlar AQShda universitet tanlashingizda qo’l kelishi mumkin:

www.educationusa.state.gov

www.ed.gov/NLE/USNEI/toc.html

www.edupass.org

Savollarni uzbek@voanews.com ga yo'llayvering. AQShda o'qish imkoniyatlari haqida shu sahifaning Ilm-Fan qismida o'qing.

XS
SM
MD
LG