Breaking News

Qirg'izistonda jurnalist siyosiy guruhlar qurolimi?


Qirg’izistonda siyosiy vaziyat taranglasharkan, jurnalistlarga bosim kuchaymoqda.

Ayni paytda sobiq bosh vazir Feliks Qulov boshchiligida Birlashgan muxolifat Jabhasi prezident Qurmanbek Bakiyevning iste’foga ketishini talab qilib, 11 aprelda mamlakat bo’ylab namoyishlar boshlamoqchi. Prezident tarafdorlari esa muxolifat namoyishlarining oldini olish uchun aksilnamoyishlar uyushtirmoqda.

Jurnalistlarning shikoyat qilishlaricha, mamlakatda kechayotgan siyosiy voqealarni yoritish jarayonida turli guruhlar ommaviy axborot vositalariga bosim o’tkazishga urina boshlagan.

“Akipress” axborot agentligining O’shdagi vakolatxonasi boshlig’i Dilnoza Parpiyevaning aytishicha, prezident siyosatini yoqlovchi “Mehnat va birdamlik” partiyasi vakillari vakolatxona xodimlaridan muxolifat a’zolariga minbar bermaslikni talab qilgan. Aksincha, prezident tarafdorlari jurnalistlarni o’zlari uchun matbuot anjumani uyushtirishga majbur qilganlar.

Jalolobod shahrida esa hukumatparast partiya hamda tashkilotlar o’tkazgan namoyish paytida “Sentyabr’” telekanalining jurnalisti Talantbek So’piyev prezident tarafdorlari bo’lgan bir guruh ayollar va sportchi yoshlar tomonidan kaltaklangan. Jurnalist tan jarohati bilan kasalxonaga yotqizilgan.

Qirg’iz muxolifatining Birlashgan jabhasi O’shdagi “Akipress” axborot agentligida o’tkazayotgan matbuot anjumani ham noma’lum ayollar va yosh yigitlar tomonidan buzilgan. Ayollar jurnalistlarning savollariga javob berayotgan muxolifat a’zolarini so’zlashga qo’ymay, baqira boshlaganlar.

“Jurnalistlar shundan keyin binoni tark etdi”, - deydi Dilnoza Parpiyeva.

O’sh ommaviy axborot vositalari markazi tahlilchisi Almaz Ismanovning aytishicha, mamlakatda sodir bo’layotgan voqea-hodisalarni yoritish jurnalistning kasbiy majburiyatidir.

“Tinglovchilar, o’quvchilar nima bo’layotganini bilishni xohlaydi. Lekin muammo o’z kasbiy majburiyatini bajarayotgan jurnalistning xavfsizligi qay darajada ta’minlanganidadir”, - deydi tahlilchi.

Almaz Ismanov bosim va tazyiqlar uchun qaysidir ma’noda jurnalistlar o’zlari ham aybdor, deya hisoblaydi. Uning aytishicha, hozir Qirg’izistonda barcha ommaviy axborot vositalari muayyan siyosatchining buyurtmasini bajarmoqda va har bir siyosatchi o’z telekanaliga, gazetasiga va axborot agentligiga ega. Jurnalistlar esa, siyosatchilarning tashviqoti qurbonlariga aylanmoqdalar.

“Agar [jurnalist] namoyishlarni, yangiliklarni faqat bir xil yo’nalishda yoritsa, bu namoyishda qatnashgan odamlar boshqa narsani ko’rib, boshqa narsani eshitsalar, ajablanishlari tabiiy. Shuning uchun jurnalistning kasbiy mahorati ham muhimdir. Jurnalistlar barcha tomonlar fikrlarini yoritsalar, odamlarda da’vo ham bo’lmaydi”, - deydi Almaz Ismanov.

Dilnoza Parpieva fikriga ko’ra, tazyiq va bosim jurnalist yozayotgan maqola yoki tayyorlayotgan ko’rsatuv mazmuniga, sifatiga ham juda yomon ta’sir qilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG