Breaking News

Sportchi yoshlar uchun AQShda o'qish imkoniyatlari


Markaziy Osiyo yoshlari orasida turli xil iste’dod egalari serob. Biri shirali ovoz sohibi, ikkinchisi qo’li gul rassom yoki hunarmand. Ba’zi yoshlar esa sport sohasida ulkan zafarlar quchishga qodir.

Bunday iste’dodning kamol topishi uchun esa rag’bat, parvarish va albatta moliyaviy ko’mak zarur.

Qo’shma Shtatlarda chet eldan iqtidorli yoshlarni o’qishga qabul qilishga qiziqqan universitetlar ko’p.

Mahallada, maktabda yoki universitetda tennis o’ynab, barchani yenggan raketka ustasimisiz? Yohud tengdoshlarning kuragini yerga tekkizgan kurashchimisiz? Balki suzish bo’yicha musobaqalarda sizga teng keladigani yo’qdir?

Xonangizda siz qo’lga kiritgan sovrin va mukofotlar ko’pligidan oyoq qo’yishga joy qolmagan. Shu bilan birga, bundanda ko’proq muvaffaqiyat qozonish uchun xorij universitetida ilmiy daraja olish istagidasiz.

Qo’shma Shtatlardagi universitetlarda bunday talabalarning oshig’i olchi.

Vashingtonda Amerika Universitetida tahsil olayotgan o’zbekistonlik talaba Muzaffar Abdurahmonov AQSh kurash gilamida tanilgan pahlavon.

AQSh ta’lim muassasalarida sportning turli yo’nalishlari bo’yicha moliyaviy yordam olish mumkin. Oliygoh murabbiy-trenerlari hamisha yosh iste’dodlar izlaydi. Ular mamlakat va dunyoning turli davlatlarida uyushtiriladigan musobaqalarga borib, sportchilarni kuzatadi.

Amerika Universiteti murabbiyi Mark Kodi Muzaffarni AQShning kichik biroq yetuk kurashchilar tayyorlaydigan bir kollejida topgan.

Muzaffarning mahoratidan qoyil trener uni o’qishga olish Amerika Universitetiga nafaqat shuhrat balki Markaziy Osiyoning qadim kurash sportini ham olib keladi degan umidda edi. Universitet Abdurahmonovga bepul o’qish taklif qildi. Sharti shuki, Muzaffar o’qishda faqat a’lo bahoga o’qiydi va universitetlar-aro musobaqalarda Amerika Universiteti sha’nini himoya qiladi. Xullas, Muzaffar ham ingliz tilini mustahkamlashi, ham o’zi qiziqqan siyosiy fanlarni o’qishi, ham AQSh kurash sportida eng yuqori medallarni qo’lga kiritishi lozim edi. Bugun Muzaffar Qo’shma Shtatlar universitetlaridagi eng mohir kurashchi deya tan olinadi. Sport zal va kutubxona eng yaxshi ko’rgan joyimga aylandi deya kuladi Muzaffar.

O’qishni eplay olmasa, kurashda qo’lga kiritgan medallarim hisobga olinmas edi, deydi Muzaffar.

Demak, sportchi talaba bo’lsangiz va AQSh universitetida o’qishga qiziqsangiz:

Birinchidan, Internetda universitet izlash jarayonini boshlang. O’qishga kirishga ayrim hollarda 1.5-2 yil ketishi mumkin.

Qidiruv tizimidan “Sports Scholarships and College Athletic Programs” va ”NCAA” kabi so’zlarni izlang.

Qaysi universitet siz shug’ullanadigan sport turi bo’yicha stipendiya berishini aniqlang. Ro’yxat qancha uzun bo’lsa, shuncha yaxshi. Bu siz uchun imkoniyatlar doirasini kengaytiradi.

1. Universitet murabbiylari bilan bog’laning, eng ma’qul yo’li electron pochta – email.

2. Puxta yozilgan tavsiyanomalar, nima uchun AQShda o’qimoqchi ekaningiz haqida insho, rezyume, ya’ni tarjimai hol, jismoniy ko’rsatkichlaringiz haqida ma’lumotlar so’raladi.

3. Shuni unutmaslik kerakki, talaba qanchalik mohir sportchi bo’lmasin, universitetga kirish uchun u hamma qatori imtihonlardan muvaffaqiyatli o’tishi kerak bo’ladi.

Chet ellik talaba, deydi Muzaffarning murabbiyi Mark Kodi, TOEFL va SAT kabi murakkab test sinovidan o’ta olishi shart. Yoki Muzaffar kabi avval AQShdagi kichik kollejlarda o’qib, keyinroq kattaroq oliygohlarga kirish uchun harakat qiladi.

Foydali veb saytlar:

www.ncaa.org

www.naia.org

www.njcaa.org

Savollarni uzbek@voanews.com ga yo’llang.

XS
SM
MD
LG