Breaking News

Vaziristonda o'zbek jangarilariga qarshi amaliyotlar davom etyapti


Pokiston prezidenti Parvez Musharraf, janubiy Vaziristonda mahalliy qabilalar 300 ga yaqin ajnabiy jangarilarni o’ldirganini ma’lum qilmoqda.

Pokiston-Afg’oniston chegarasida, deydi u, qabilalar asosan o’zbek va chechen jangarilaridan iborat guruhlarni mintaqadan siqib chiqarmoqda. Pokiston armiyasi qabilalarga yordam beryapti.

Pokiston hukumatiga ko’ra, so’nggi bir oy ichida o’ldirilgan jangarilar asosan o’zbeklar bo’lib, ularning Al-Qoida bilan aloqada ekani gumon qilinadi.

11 aprel kuni jurnalistlar mintaqaga safar qilib, mojaro hududini ko’zdan kechirgan. Jangarilar asosan Pokiston-Afg’oniston chegarasidagi tog’larda joylashib olgani aytiladi. Pokiston armiyasi generali Gul Muhammad, o’zbek jangarilari yaxshi qurollangani va ularni hududdan chiqarish oson bo’lmasligini aytadi.

AQSh va afg’on rasmiylarining aytishicha, ajnabiy jangarilar Vaziriston shimoli va janubidagi bazalaridan turib Afg’onistonga hujum qiladi.

Pokiston hukumati yaqin orada chegarada 12 kilometrli devor qurishni boshlaydi. Shuningdek, Vaziristondagi qabilaviy hududlarda jangarilarga boshpana bergan aholiga ogohlantirish berilgan.

Ammo xavfsizlik bo’yicha mutaxassislar, jangarilarga qarshi kurashda mahalliy qabilalar yordamidan foydalanish – rasmiy Islomobod tasvirlayotgandek samara berayotganiga shubha bilan qaraydi.

Vaziristondagi janglar, deydi mutaxassislar, Tolibonni quvvatlovchi turli guruhlar o’rtasida hokimiyat uchun kurash bo’lsa ajabmas.

XS
SM
MD
LG