Breaking News

Inson huquqlari tashkiloti rahbari akkreditatsiyadan o'tmagan


Inson huquqlari bo'yicha Human Rights Watch tashkilotining Toshkentdagi direktori Andrea Berg akkreditatsiyadan o'tkazilmagan.

Human Rights Watchga ko'ra, O'zbekiston hukumati inson huquqlarini naqadar poymol etishga qodirligini isbotlamoqda.

Yevropa Ittifoqi 23 aprelda O'zbekistonga nisbatan amaldagi sanksiyalarni qayta ko'rib chiqadi.

Inson huquqlari ahvolini yaxshilash, ittifoq rasmiylarining aytishicha, sanksiyalarni bekor qilish uchun O'zbekiston hukumatiga qo'yilayotgan asosiy talab.

"Human Rights Watch O'zbekistonda qolayotgan oxirgi xalqaro tashkilotlardan biri. Hukumat bizning ovozimizni o'chirishga urinmoqda", - deydi tashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha direktori Xolli Kartner.

"Lekin biz ishimizni davom ettiramiz. O'zbekistondagi qo'rqmas insonlar, inson huquqlari faollari, bilan ishlashda davom etamiz".

O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vakolatxona rahbarini o’z faoliyatida nizomdan chetga chiqqanlikda ayblaydi. Biroq nizomdan tashqari faoliyat nimalardan iborat bo’lgani tushuntirilmagan.

Andrea Bergning aytishicha u O`zbekiston qonunlarini buzmagan. “Ular mening faoliyat yuritishimga ruxsat bermadi. Lekin vakolatxona yopilmaydi deyishmoqda. Bu yerda mendan boshqa hech kim ishlamayapti. Biz bosha odam taklif qilganda ham uning viza olishi, ro’yxatdan o`tishi uchun yarim yilga yaqin vaqt kerak”, - deydi Berg xonim.

O`tgan yili shu paytda Human Rights Watch xodimi Karl Bum O’zbekistondan chiqarib yuborilgan. Uning o`rniga xodim olish uchun Tashqi ishlar vazirligiga qilingan murojaatga to`qqiz oy o`tib javob olingan.

“Bu O`zbekiston ishlab chiqqan strategiya - vakolatxonani yopishmaydi, lekin uning ishlashiga ham ruxsat berishmaydi”, - deydi Andrea Berg.

Vakolatxona ishlamasa, mahalliy huquq himoyachilari faoliyati yanada og`irlashadi. Xalqaro jamoatchilik, BMT, Yevropa Ittifoqi kabi tashkilotlarning O`zbekistondagi inson huquqlari ahvoli haqida qanday xabar topadi deya so’raydi Andrea Berg.

“Yaqinda Andijon voqelariga ikki yil to`ladi. Yevropa Ittifoqida O`zbekiston masalasi qayta ko`riladi. Butun jahon O`zbekistonni kuzatayotgan bir paytda, O’zbekiston hukumati hech narsani hisobga olmayapti”, - deydi Andrea Berg.

Jizzaxlik huquq himoyachisi Baxtiyor Hamroyev fikricha Human Rights Watchning faoliyati cheklanayotgani kelajak tazyiqdan darak.

“Andrea Berg xonim inson huquqlarini monitoring qilish bo`yicha ish olib brogan. Jizzaxga kelb ham huquq himoyasi bilan shu`gullanuvchilar ahvolidan xabar olib, ma’naviy ko`mak bergan. Biz uni huquq himoaychilarini yaqindan qo’llab-quvvatlovchi shaxs sifatida bilamiz. Bu esa O`zbekiston hukumatiga yoqmagani aniq”, - deydi u.

Tashkilotning O'zbekistonda hibsda o'tirgan xodimasi Umida Niyozova ustidan esa sud jarayoni boshlanmoqda.

Umida Niyozovaning sud muhokamasi 19 aprelda boshlanadi. Niyozovaga uch ayb qo'yilgan: chegarani buzganlik, noqonuniy materiallar olib o'tganlik va ularni mamlakatda tarqatishganlik hamda bu yo'l bilan jamoat tinchligiga rahna solganlik.

Aybdor deb topilsa, Niyozova o'n yilgacha qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin.

Umida Niyozovaning opasi Shafoat Niyozovaning aytishicha sud jarayonining ochiq o`tishi kutilmoqda.

Qator xalqaro tashkilotlar Umida Niyozovani ozod etishga chaqirmoqda.

XS
SM
MD
LG