Breaking News

AQShda qatliom uyushtirgan talaba qilmishida jamiyatni ayblagan


AQShning Virjiniya politexnika universitetida qatliom uyushtirgan talaba nafratga to’la video lavha qoldirgan.

NBC telekanaliga yo’llagan lavhasida, 23 yoshli Cho Seung-Xyu o’z qilmishida jamiyatni ayblagan. Aslida janubiy koreyalik Cho, 16 aprel kuni o’zini va yana 32 kishini otib o’ldirgan edi.

Cho Seung-Xyuning shaxsiyati haqida yangi ma’lumotlar paydo bo’lyapti. Politsiyaning bildirishicha, Cho-ning ayol talabalarga tegajog’lik qilgani va 2005 yilda ruhiy muolaja olgani ma’lum.

Suiqasdchi NBC telekanaliga bir qancha yozuv va rasmlarini ham jo’natgan. Rasmlarda u qurol ko’tarib chiqqan, video lavhasida esa boylarni va insonlarning huzur-halovatga intilib yashashini tanqid ostiga olgan.

Mutaxassislarning aytishicha, Choning bayonotlari tushunarsiz, poyma-poy gaplarga to’la.

Kassetaga yozib olingan chiqishida Cho, atrofdagilar qatliomni bartaraf etishi mumkin edi, ammo meni shu ahvolga solib qo’yishdi, degan ma’noda gapirgan.

Cho 2005 yilda sud tomonidan jamiyatga xavfli deb topilgan bo’lsa-da, ruhiy kasalxonaga yotqizilmagan. Universitet shifokori Kris Flinn zo’ravonlikka berilishi mumkin bo’lgan talabalarni muntazam kuzatib boramiz, ammo ular xulqini oldindan bashorat qilish qiyin deydi.

AQSh tarixidagi eng dahshatli qatliomlardan birini amalga oshirgan Cho avvaliga universitet yotoqxonasida ertalab soat 7:15 da 2 kishini otib o’ldirgan.

Oradan ikki soat o’tgach, universitet binolaridan biriga kirib, eshikni zanjirlab, darslar o’tayotgan xonalarga birma-bir kirib ko’zi tushgan barcha talaba va o’qituvchilarni ota boshlagan. Jami 32 kishi halok bo’lgan. Talaba politsiya yetib kelgancha o’z joniga ham qasd qilgan.

Cho AQShga ota-onasi bilan 1992 yili, 8 yoshida ko’chib kelgan. O’qituvchi va talabalar uni doim yakka, ko’p gaplashmaydigan kishi deb tasvirlashadi. O’qituvchilarning aytishicha, badiiy yozish va adabiyot darslarida Cho yozgan hikoya va ssenariylarda odatda qotillik, zo’ravonlik va qonli manzaralar eks ettirilgan.

XS
SM
MD
LG