Breaking News

Andrea Bergga uch oylik sinov muddati berilgan


Inson huquqlari bo’yicha Human Rights Watch tashkilotining O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Andrea Bergning mamlakatdagi faoliyati yana uch oyga uzaytirilgan.

Bu haqda O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norovning Andrea Berg bilan uchrashuvida bildirilgan.

Berg xonimning aytishicha O`zbekiston tashqi ishlar vaziri Human Rights Watchni noxolis hisobotlar tarqatganlikda ayblab, tashkilotdan xolis ma`lumotlar berishni talab qilgan.

- U o`zidagi qog`ozlarga qarab, menga nimadidir o`qib berdi. Men unga haqiqatda bunday emasligini va bu notog`ri ma`lumot ekanligini tushuntirdim . [Norov] esa buni men bilan muhokama qilmasligini bildirdi, – deydi Andrea Berg.

O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi nazarda tutayotgan hisobotlar Andijon fojealari va mamlakatdagi inson huquqlariga oid vaziyat haqida ekani bildirilmoqda.

Kelasi uch oy mobaynida Andrea Berg faoliyati yaqinda kuzatiladi va xalqaro tashkilot tarqatayotgan hisobotlarning naqadar xolis ekani tekshiriladi. Berg xonimning mamlakatdagi kelajagi ana shundan keyin hal qilinadi.

Inson huquqlarining jahon bo’ylab himoyachisi deb hisoblangan Human Rights Watch esa uning faoliyati siyosatdan xoli ekanini qayd etadi.

O’zbekistondagi huquq faollari fikricha esa O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligining avvaliga Ander Berg faoliyatini taqiqilashi, keyinchalik esa yana uch oy muddatga uzaytirishi shu yilning may oyida Yevropa Ittifoqi O`zbekistonga qo`yilgan sanksiyalarni qayta ko’rib chiqishi bilan bog’liq.

XS
SM
MD
LG