Breaking News

Terrorizm asosan musulmonlarning kulini ko'kka sovurmoqda



AQSh hukumati berayotgan ma’lumotlarga ko’ra, Iroq va Afg’onistonda terror xurujlari ko’paygan. Aynan Iroqda terrordan halok bo’layotganlar soni 40 foizga oshgan.

AQSh Davlat Departamenti berayotgan ma’lumotlarga ko’ra, terror xurujlaridan o’tgan yili dunyoda 20 mingdan oshiq kishi o’lgan, 13 mingga yaqini Iroqda.

Afg’onistonda ham terror hujumlari ko’paygan, 50 foizga.

AQSh anti-terrorizm tahlil markazi xodimi Rassel Traversning aytishicha, terror hujumlaridan asosan musulmonlar ziyon ko’rmoqda.

"O’tgan yilning o’zida 20 ming kishi o’lgan bo’lsa, ularning yarmidan ko’pi musulmonlar. Musulmon ekstremistlar boshqa musulmonlarni qirmoqda".

Iroq AQSh uchun terrorga qarshi urushda asosiy jang maydoni. Koalitsiya kuchlari Al-Qoida, mahalliy isyonchi va ajnabiy jangarilarni nishonga olmoqda. AQSh Davlat departamentidagi terrorga qarshi idora rahbari Frank Urbanchich nazarida terrorchilarni o’ldirish bilan terrorizmni yo’q qilib bo’lmaydi.

"Biz hokimiyatni mustahkamlashimiz, xalq hayotini yaxshilashimiz, nohukumat tashkilotlar va xalqaro muassasalar bilan ishlashimiz, terror ildiziga, uning sabablariga yetishimiz lozim. Toki odamlar ekstremizmdan yuz o’girsin".

AQSh hukumatining bildirishicha terrorga qarshi urushning oltinchi yilida ayrim muvaffaqqiyatlarga ham erishilgan. Chegaralar ancha mahkam, terrorizmni moliyalovchi ko’plab manbalar fosh etilib, bir necha terror guruhlari yo’q qilingan.

AQSh nazarida dunyoning besh davlati terror homiylari sifatida qolmoqda: Eron, Suriya, Sudan, Kuba va Shimoliy Koreya.

Eron, deydi AQSh rasmiylari, eng xavflisi; Iroqda jangarilarni ham moliyaviy, ham ruhan quvvatlamoqda, ular malakasini oshirmoqda.

Eron bu ayblovni qa’tiyan rad etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG