Tanqidiy maqolalari uchun zo’rlikka uchragan jurnalist Rajabboy Raupov fikricha, O`zbekiston bu kasb egalari uchun xavfli mamlakat bo`lib qolmoqda.
Jurnalist va yozuvchi Rajabboy Raupov hayotiga suiqasd uyushtirgan ijrochi qamoq jazosiga hukm qilingan. Biroq jurnalistning aytishicha, buyurtmachilar hamon ozodlikda. Suiqasd natijasida uning salomatligi yomonlashgan.
“Hamma narsa jonimga tegdi. Meni xalq, davlat dushmani sifatida jazolashlari kerak yoki fuqaro sifatida o`z huquqlarim ta`minlanishi kerak. Men faqat o`z huquqlarimni so`rayapman”, - deydi jurnalist.
Rajabboy Raupov bundan ikki yil avval Buxoroda temir dastak bilan kaltaklanishi natijasida bosh chanog`i qattiq jarohatlangan, og`ir jarrohlik operatsiyasini boshdan kechirgan edi.
Keyinclik u faqat tasodif tufayli tirik qolganini, yozgan tanqidiy maqolalari uchun uni o`ldirishga buyurtma bo`lganini, yollangan qotil uni o`lgan deb o’ylab, tashlab ketganini aytgan edi.
Jurnalist fikriga ko`ra, suiqasd uchun buyurtma bergan jinoyatchilarning kimligi unga, tergovchiga, advokatga ham aniq bo`lishiga qaramasdan ular jazolanmagan.
Rajabboy Raupov o`z maqolasida Buxoroning Shofirkon tuman hokimligi, prokuraturasi faoliyatini tanqid qilgan.
Jurnalistning aytishicha, u suiqasdga buyurtma bergan kishilarni jazoga tortish uchun O`zbekistondagi barcha rasmiy idoralarga shikoyat xati yozgan, faqat bu masala o`rganilayotgani haqida javob olgan, xolos.
Noma`lumlik va samarasiz izlanishlar, o`ziga nisbatan munosabat uning ruhiyatiga ta`sir qilgan.
“Men vatandan tonish uchun emas, vatanni topish uchun xorijdan siyosiy boshpana so`radim”, - deydi u.
Rajabboy Raupov bilan bo`gliq jinoiy ish bir necha marotaba, shu jumladan, O`zbekiston Oliy sudida ham qayta ko`rilgan. Jurnalist ta’biricha, bu jarayonlarning hammasi bir tomonlama o`tgan. Aksariyatida u jarblanuvchi sifatida ishtirok etmagan, buyurtmachilar jazoga tortilmagan, ayb faqat ijroji zimmasiga yuklangan.