Breaking News

AQShda kinematografiya sohasida o'qish uchun nima qilmoq kerak?


Agar mendan “Falon joyda xalqaro ko’rgazma bo’layapti ekan. Xalqingni, davlatingni namoyon etgan istagan narsangni olib kel” deyishganda, bilasizmi nimani olib borar edim?

Avval O’zbekistonda suratga olingan, kattayu kichik miriqib tomosha qiladigan eski filmlarni.

“Mahallada duv-duv gap”, “Kelinlar qo’zg’oloni”, “Chinor ostidagi duel”, “Sen yetim emassan”, “Shum bola”, “O’tgan kunlar”, “Mehrobdan chayon” va hozako va hokazo.

Bu filmlar xalqaro tomoshabinga tanish emas. Sobiq ittifoq davrida rejissyorlar, deylik, AQSh kino bozori haqida o’ylashni ham hayollariga keltira olmas edi. Nima sababdan AQSh deysizmi? AQShda shuhrat qozongan kino ustasi jahon kino ustasiga aylanadi.

Suhbatdoshimiz Amon Gibl Nyu York Universitetida film sohasi bo’yicha tahsil olgan.

“Nyu York universitetida o’qish ezgu orzum edi, chunki bu oliygoh film va kinematorgafiya sohasini puxta o’rganish uchun eng yaxshi joy deyishar edi”.

Yana bir ma’qul joy Nyu York Davlat Universiteti deydi Amon Gibl.

Tabiiyki, tasvir, ovoz va iste’dod bilan bog’liq bu sohaning o’ziga xos talablari bor. Avvalo qiziqqan kishi kirish uchun hujjat topshiradi.

“Men film mutaxassisligini tanlaganim bois o’zim tushirgan 15-20 ta fotosurat va kichik senariy-hikoya ham topshirganman. Maktabda suratkashlik sirlarini o’rgangan edim. Birinchi yil o’qitilgan darslardan ozgina hafsalam pir bo’ldi. Chunki universitetda birinchi kundanoq mashxur kino ustalardan Martin Skorseze singari filmlar suratga ola boshlayman deb o’ylagan edim. Biroq oradan vaqt o’tib, anchagina bilim va tajriba orttirdim”.

AQShda film sohasida o’qishni istaydigan talabadan aksariyat hollarda quyidagilarni topshirish talab qilinadi:

1. Tarjimai hol, ya’ni rezyume

2. Talaba ishlagan 5-10 daqiqalik film, rasmlar, fotosuratlar yoki qisqa hikoya-senariy.

3. Nima sababdan bu sohani va bu universitetda o’qishni xohlayotgani haqida bayon

Aksariyat film maktablari chet ellik talabalarga moliyaviy yordam beradi. Bu xildagi ko’mak va grantlarni olish uchun hujjatlarni imkon qadar erta topshirgan ma’qul.

Amon Gibl kinematografiya imkoniyatlarga boy soha deydi.

“Bu sohaning yo’nalishlari, yashirin qirralari ko’p. Kamera ortida murakkab sharoitda, jazirama issiq yoki izg’irinda ishlash – bularning barini universitetda o’rgandim. Katta tajriba orttirdim. Mas’uliyatni bo’ynimga olishni o’rgandim. Asosiy ixtisoslik uchun videomuharrirlikni tanladim. Hozir aynan shu bilan shug’ullanaman”.

Qo’shma Shtatlarda kino eng ommabop va daromadbop soha ekan, raqobat ham kuchli. Suhbatdoshimiz bu soha mutaxassislari uchun eng muhimi diplom emas, kasbga bo’lgan muhabbat va mehnat deydi.

Hech kim sizni bir parcha qog’ozga qarab ishga yollamaydi, deydi u.

Savollarni uzbek@voanews.com ga yo’llayvering.

XS
SM
MD
LG