Breaking News

Umida Niyozova shartli ravishda ozod etildi


Toshkent shahar apellyatsiya sudi yaqinda yetti yilga qamalgan huquq himoyachisi Umida Niyazovani shartli ravishda ozod etishga qaror qilgan.

Niyozova sudga qilmishidan pushaymon ekanini aytgan. Shuningdek, uni himoya qilib chiqqan xalqaro tashkilotlar, jumladan inson huquqlari bo’yicha Human Rights Watch tashkilotidan norozi ekanini bildirgan.

Human Rights Watch Niyozova shikoyatiga nisbatan javob bermagan. Ayrim tahlilchilar nazarida O'zbekiston adliyasi sudlanuvchini shunday chiqish qilishga majburlagan bo'lishi mumkin.

Sud hay’ati Niyozovaning yosh bolasi borligi va qilgan jinoyatlaridan pushaymon ekanligini inobatga olgan.

Umida Niyozovaning advokati Tatyana Davidova o`z chiqishida Niyozovaga nisbatan qo’yilgan ayblar, ayniqsa, aksilkonstitutsiyaviy ma’lumot tarqatganlik aybi isbotlanmagani, shuningdek bu borada taqdim etilgan dalillar avvalgi sud jarayonida inobatga olinmaganini aytgan.

Sud jarayoni ochiq o’tdi va unda kuzatuvchilar, diplomatik korpus vakillari va jurnalistlar ishtirok etdi.

Kuzatuvchilarga ko`ra Umida Niyozovaning hibsga olinishi va uning ozod etilishi siyosiy maqsadlarda amalga oshirilgan.

“Mazlum” inson huquqlari jamiyatining rahbari Azam Turg`unovga ko`ra bu qaror hukumatning huquq himoyachilari yoki muxolifatga nisbatan yumshaganini aks ettirmaydi.

“Umidaning o`zi aybsiz. Yevropa Ittifoqiga inson huquqlari bo`yicha o`zgarish bo`layotganligini ko`rsatish uchun shunday qaror chiqarildi. Avval uni jinoyatchi qilib ko`rsatishdi, keyin ozod etishayapti. Aslida u jinoyat sodir etmagan. Huquq himoyachilariga, muxolifat vakillariga, jumladan diniy e`tiqod bo`yicha tayziqlar bo`shashgani yoq, aksincha kuchaymoqda”, - deydi Turg`unov.

Umida Niyozoba o`tgan yil dekabr oyida Qirg`izistondan O`zbekistonga qaytayotib, transport prokuraturasi tomonidan ushlangan, qo’yib yuborilgan va yanvar oyida hibsga olingan edi.

1 may kini Umida Niyozova Sirg`ali tumani jinoiy ishlar sudi tomonidan chegarani noqonuniy kesib o`tganlik, aksilkonstitusiyaviy va jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materelalrni saqlaganlik va tarqatganlikda ayblanib yetti yil qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Yevropa Ittifoqi Umida Niyozova va panjara ortidagi olti faolning jinoiy ishini qayta ko`rish talabini qo’ygan.

XS
SM
MD
LG