Breaking News

Qirg'izistondan boshpana izlagan o'zbekistonliklar oqimi to'xtagani yo'q


BMT Qochqinlar Agentligining Bishkekdagi vakili Vitaliy Maslovskiyning aytishicha, Andijon qirg’iniga 2 yil to’lar ekan, Qirg’izistondan boshpana so’rayotgan o’zbekistonlik qochqinlar oqimi to’xtagani yo’q.

“Umuman, vaziyat avval qanday bo’lsa, hozir ham shunday. Bizga qochqinlar yakka tartibda murojaat qilmoqdalar. Qanday sabablar bilan murojaat qilayotganlariga to’xtalib o’tirmayman. Shuningdek, bizga uchinchi davlatlarga ko’chirilgan qochqinlarning qarindoshlari ham murojaat qilmoqda. Bu yo’nalishda ishlayapmiz va qochqinlar yordamga muhtoj ekan, ularga ko’mak ko’rsatishda davom etamiz”, - dedi Vitaliy Maslovskiy.

BMT Qochqinlar Agentligi vakilining aytishicha, Qirg’iziston rasmiy idoralari vakillari keyingi paytda qochqinlarga nisbatan mas’uliyatni his qila boshlaganlar. O’tgan yilda bo’lganidek, o’zbek maxsus xizmatlari tomonidan qochqinlarning Qirg’izistondan o’g’irlanib, olib chiqib ketilishi kuzatilmagan.

Vitaliy Maslovskiy AQShdan boshpana olib, u yerdan ixtiyoriy ravishda Andijonga qaytgan qochqinlar yana O’zbekistonni tark etayotgani to’g’risidagi ma’lumot Qirg’izistonda hozircha tasdiqlanmaganini aytdi.

“Internetda paydo bo’lgan bu xabardan boshqa hech narsa yo’q”, - dedi u.

Qirg’iziston janubida o’zbekistonlik qochqinlarga huquqiy ko’mak ko’rsatayotgan huquqshunos Aqilbek Toshbulatovning aytishicha, keyingi paytda qochqinlar asosan mamlakat shimoliga joylashmoqda.

“[Qochqinlarning] aksariyati Bishkekka ketyapti. Ular ta’qibdan cho’chiydilar. BMT Qochqinlar Agentligi ularni nisbatan xavfsiz shahar bo’lgan Bishkekka ko’chirayapti”, - deydi Aqilbek Toshbulatov.

O’shda yashayotgan andijonlik qochqinlardan biri 13 may kuni namoyishga borgani uchun maxsus xizmatlar o’tkazgan ta’zyiqlarni eslaydi.

“Men oddiy tadbirkor odamman, tegirmon yuritaman. Mahalladagi 2-3 ishsiz bolalarni ishlatardim. Un sotardim. Qo’rquvda yashadik. Senlar Abdulla Qodiriy, Cho’lpon bo’laman deyapsanmi? O’shalarga o’xshab itdek o’lib ketasan. Vaqti kelib, noming chiqib qolsa, oqlashsa, taxtalarga yozib qo’yamiz. Organ xodimlari tomonidan shunaqa tahdidlar bo’ldi”, - deydi qochqin.

Qirg’iziston janubiga savdo-sotiq uchun kelayotgan andijonliklar esa 13 may voqealaridan keyin xalqning rahbarlardan ko’ngli qolganini gapiradilar.

Uznews.net axborot agentligi xabariga ko`ra, O`zbekistonni ikkinchi bor tark etgan andijonlik 17 nafar qochqin Qozog`istondan siyosiy boshpana so`ragan. Ularning aytishicha, O’zbekistonda qochqinlar doimiy nazorat, qo’rquv va bosim ostida.

Bu ma`lumotni O`zbekistonda tasdiqlashning olji bo’lmayapti. Huquq himoyachilarining aytishicha, hozirda Andijonda ishlayotgan inson huquqlari tashkiloti, faollarining o`zi yo’q, ularning aksariyati qamoqda.

XS
SM
MD
LG