Breaking News

Andijon voqealaridan ikki yil o'tib. O'zbekiston-G'arb aloqalari


Andijon voqealariga ikki yil to’larkan, 2005 yil 13 mayida haqiqatda nima bo’lgani haqida haligacha umumiy xulosaga kelinmagan. Rasmiy Toshkent islomiy kuchlar tuzumni to’ntarishga harakat qilgan va hukumat kuchlari terrorchilarni yo’q qilgan desa, G’arb Andijonda tinch namoyish o’tgan va yuzlab begunoh kishilar o’qqa tutilgan degan fikrda.

O’zbekiston hukumati va G’arb davlatlarining Andijon voqealariga nisbatan qarashlaridagi qarama-qarshiliklar sabab o’zaro aloqalarni iliq deb bo’lmaydi. Xususan O’zbekiston-AQSh munosabatlari tarangligicha qolmoqda. Ayrimlar AQShni O’zbekistonga nisbatan keskinroq siyosat yurgizishga chaqirsa, boshqalar muloqot yo’lini tanlashga chorlaydi.

Siyosiy fanlar doktori, Jorj Meyson universitetida siyosatshunoslikdan dars beruvchi professor Erik Makglinchi (Eric McGlinchey) nazarida Qo’shma Shtatlar O’zbekistonni to’g’ri yo’lga solishga umid qilmoqda.

“AQSh hukumati ehtiyotkorlik bilan siyosat yuritmoqda. Radikal ish tutib O’zbekiston bilan aloqalarni butunlay uzib qo’yish mumkin albatta. Biroq bu to’g’ri ish bo’lmasdi. AQSh O’zbekistonga ta’sir nuqtasini yo’qotgan bo’lar edi. O’zbekistonda AQSh yordamiga muhtoj guruhlar yordamsiz qolar edi. O’zbekiston bilan ma’lum darajada aloqalarni ushlab turgan holda rasmiy Vashington bosim o’tkazishda davom etmoqda."

Professor Makglinchining aytishicha, Qo’shma Shtatlar Andijon voqealari bo’yicha yakdil siyosat yurgizishga harakat qilmoqda va aksincha Yevropa Ittifoqidagi turlicha qarashlar tashkilot chiqarayotgan bayonot va choralarni zaiflashtirmoqda.

Merilend universiteti professori, siyosatshunos Kevin Jouns (Kevin Jones) fikricha, Yevropa Ittifoqiga a’zo ayrim davlatlar avvalombor o’z manfaatlari doirasida ish tutmoqda.

“Yevropa Ittifoqi o’zgacha siyosat yuritmoqchi. O’zbekiston bilan yaqinroq aloqada bo’lmoqchi. Yevropada yonilg’i masalasi ko’ndalang bo’lib turgan bir paytda Germaniya kabi davlatlar gazga boy O’zbekiston bilan aloqani yaxshilashga intilmoqda."

Yevropa Ittifoqiga iyun oyigacha prezidentlik qilayotgan Germaniya O’zbekistonda inson huquqlari muammolariga o’zaro muloqot orqali yechim topish mumkin deb hisoblaydi.

Yevropa Parlamentining yaqinda O’zbekistonga tashrif buyurgan angliyalik deputati Martin Kallanan rasmiy Berlin pozitsiyasiga qo’shilmasligini bildiradi.

"Sanksiyalarga zo’r berish kerak. Balki Yevropa Ittifoqiga kira olmaydigan rasmiylar qatoriga prezident Islom Karimovning o’zini ham qo’shish lozim."

Kuzatuvchilar fikricha, Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini yumshatish yoki bekor qilish uchun O’zbekiston hukumatining o’zi hech qanday chora ko’rmagan. Aksincha, so’nggi ikki yil ichida ko’plab xalqaro va mahalliy nodavlat tashkilotlar yopilgan; G’arb noroziligiga qaramay ayrim mustaqil jurnalistlar va huquq faollari qamoqqa tashlangan.

"Andijon voqealaridan so’ng mamlakatni tark etgan qochqinlarning ayrimlari O’zbekistonga qaytib borgach, hukumat Andijonda islomiy omil bo’lgan degan da’vosini qo’llab-quvvatlash imkoniyatiga ega bo’ldi. Biroq shu bilan birga prezident Karimovning o’zi namoyish iqtisod boshqaruvidagi muammolar tufayli yuzaga kelganini ham tan olgan."

Andijon voqealarining bir yilligi AQShda ko’plab tadbirlar orqali xotirlangan edi. AQSh Kongressida O’zbekistonga tegishli bir necha qonun loyihasi taqdim etilgan. AQShning ko’zga ko’ringan siyosatchilari O’zbekiston hukumatiga qarshi keskin bayonotlar qilgan edi. Biroq yana bir yil o’tib faollik susaygan ko’rinadi.

AQShning Demokratiyani qo’llab-quvvatlash jamg’armasi vakili Miriam Lanskoy fikricha, G’arbda Andijon voqealariga diqqat so’nmagan.

"Biron-bir yig’ilishda O’zbekiston haqida gap ketsa, Andijon albatta tilga olinadi. Voqealar hisob nuqtasiga aylangan. Hamma narsa “Andijondan oldin” yoki “Andijondan keyin” qabilida o’lchanadi."

"AQSh Kongressida O’zbekiston bo’yicha ko’plab qonun loyihalari taqdim etildi," deydi Erik Makglinchi. "Ularning hech biri qonunga aylanmagan bo’lsada, O’zbekiston ayrim AQSh siyosatchilari, jumladan prezidentlikka nomzod senator Jon Makkeyn diqqat markazida. Buni O’zbekistonda tushunishlari muhim."

Miriam Lanskoy O’zbekistonda fuqarolik jamiyatiga tazyiqning kuchayganini bo’lg’usi prezident saylovlari bilan bog’lamasa-da, saylovlardan so’ng vaziyat bir oz yaxshilanadi deb umid qiladi.

"Kelasi bir necha oy yoki bir yil mintaqa uchun muhim davr bo’ladi va O’zbekiston uning markazida turadi," deydi Kevin Jouns. "Shu sabab O’zbekistonni nazardan chetda qoldirib bo’lmaydi. Aloqalarni ushlab turish kerak. Bu har ikkala davlat uchun muhim."

XS
SM
MD
LG