Breaking News

O'zbekistonda chiqayotgan nashrlar soni so'z erkinligidan dalolatmi?


So’z erkinligini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar dunyo e`tiborini yana O`zbekiston matbuoti erkinligi va jurnalistlarning tazyiqqa uchrayotganiga qaratmoqda. O`zbekiston jurnalistlar uyushmasi esa tazyiqlardan bexabar ekanini bildiradi.

Jurnalistlarni Himoya qilish qo`mitasi (Committee to Protect Journalists), Chegara Bilmas Muxbirlar (Reporters Without Borders) kabi xalqaro tashkilotlar yaqinda hisobotlarida O`zbekiston matbuoti, mustaqil jurnalistlarga oid vaziyat yuzasidan xavotir bildirishgan.

Jurnalistlarni Himoya qiluvchi xalqaro qo`mitaga ko`ra, qamoqqa tashlangan jurnalistlar hisobi bo`yicha O`zbekiston mintaqada birinchi, dunyo miqyosida esa oltinchi o`rinni egallaydi.

Chegara Bilmas Muxbirlar tahlilida O`zbekiston so`z erkinligi eng qattiq tazyiq ostida bo`lgan davlatlardan biri bo`lib qolmoqda. Tashkilotga ko`ra, tazyiqlar ayniqsa Andijon fojeasidan so`ng yanada ortib bormoqda.

O`zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Sherzod G`ulomov bunday da`volar asossiz ekanigini aytadi:

“Respublikamizda bugungi kunda mingga yaqin nashrlar faoliyat ko`rsatadi. Ularning yarmidan ko`pi nodavlat nashrlar, ularning o`zini muassisi bor, muassisiga qarab ish ko`radi”.

Sherzod G`ulomov O`zbekistonda tazyiqqa olingan yoki qamoqqa olingan jurnalistlar borligidan xabarsizligini bildiradi.

“Menda bunday ma`lumot yo`q, sababi birorta jurnalist, tazyiq bo`lganligi haqida na og’zaki, na yozma murojaat qilmagan. Shu bois bu haqda hech narsa deya olmayman”, - deydi Sherzod G`ulomov.

Andijon voqeasidan avval O`zbekistonda matbuotga oid vaziyat haqida ochiq fikr bildiruvchi mustaqil jurnalistlar bor edi. Hozirga kelib mustaqil jurnalistlarning o`zi barmoq bilan sanarli ekanligi aytiladi.

“Mahalliy matbuot ustidan to`liq nazorat o`rnatilgan. Avval javobgarlik faqat senzura zimmasida bo`lsa, hozir hukumatga yoqmagan tanqid uchun muassisdan tortib, tahririyat xodimlarigacha javob berishadi. Bu cheklovlarni faqat mustaqil jurnalistlar buzishi mumkin edi, biroq hozirda bunday jurnalistlarning asosiy qismi O`zbekistondan chiqib ketishga majbur bo`lgan. Qolganlari esa qamoqda yoki Jamshid Karimov kabi nazoratda ushlanmoqda”, - deydi jurnalistlardan biri.

Samarqanddagi ruhiy kasallik shifoxonasida saqlanayotgan mustaqil jurnalist, O`zbekiston prezidentining jiyani Jamshid Karimov taqdiri yuzasidan yaqinda turli xavotirli ma’lumotlar tarqatildi.

Noma`lum manba Jamshid Karimovning shifoxonada vafot etganini ta`kidlagach, uning onasi Margarita Tursunova bu xabarni inkor etgan. Jamshid Karimov haqida tarqatilgan xabar asossiz uydirma, deydi Tursunova, biroq o`g`li hali ruhiy kasallar shifoxonasidan chiqarilmagan.

Internetda tanqidiy maqolalari bilan tanilgan jizzaxlik jurnalist Jamshid Karimov sud qarori bilan rihiy kasallar shifoxonasiga o`tgan yil yotqizilgan edi. Keyinchalik unga belgilangan yarim yillik muddat yana bir yilga uzaytirildi.

Jamshid Krimovga nisbatan tazyiq uning tanqidiy maqolalari bois amalga oshirilgani, shu bois ham u shifoxonadan chiqarilmayotgani ta`kidlanadi. O`zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasiga ko`ra mamlakatda mustaqil nashrlar soni ortmoqda, bu esa matbuot erkinligidan dalolat beradi.

Mustaqil jurnalistlardan biriga ko`ra O`zbekiston nashrlari, jurnalistlari ham keskin nazorat ostida.

“Totalitar bir bosim o`tkazilayapti, ular nazorat ostida turibdi, qalpoq ostida bo`lgan bechora jurnalistlar yana nimani talab qilishi mumkin”, - deydi ismi oshkor etilmasligini so`ragan jurnalist.

O`quvchilar nazarida esa rasmiy matbuot aynan haqiqatni yozmayotganligi uchun ham allaqachon iste`moldan chiqqan:

“O'quvchiga haqiqatni gapirish kerak, haqiqatni yozsa, ko'rsatib bersa o'qiydi, bo'rttirishni bizga keragi yo'q”, - deydi aholi vakillaridan biri.

Ekspertlarga ko`ra O`zbekistonda so`z erkinligining keskin ta’qib qilinishini faqat hukumat joriy etgan ommaviy nazorat bilan izohlash mumkin.

XS
SM
MD
LG