Kuni kecha Qirg’iziston sobiq bosh vaziri, muxolifatdagi Birlashgan Jabha yetakchisi Feliks Kulov Rossiya bilan konfederatsiya asosida birlashish tashabbusini e’lon qildi.
Feliks Kulov fikricha, Rossiyada tirikchilik qilayotgan qirg’izistonlik minglab mehnat muhojirlari bu g’oyani nafaqat qo’llari, balki, oyoqlari bilan ham qo’llab-quvvatlamoqda.
Ammo mehnat muhojirlaridan farqli o’laroq, Qirg’izistondagi jamoat arboblari Feliks Kulovning Rossiya bilan birlashish g’oyasini hukumat bilan kurashda yo’qotilgan mavqeni tiklashga urinish deya baholamoqda.
Qirg’izistonda kechayotgan siyosiy jarayonni kuzatayotgan qorasuvlik tahlilchi Ayubxon Mashrabovning aytishicha, Rossiya bilan konfederatsiya asosida birlashish g’oyasi arzon populizmdan boshqa narsa emas.
Ma’lumotlarga ko’ra, iqtisodiy qiyinchiliklar sababli aholining muayyan qismi Rossiya bilan birlashish g’oyasini qo’llab-quvvatlashi mumkin. Ammo tahlilchilar Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyev taklif qilgan Markaziy Osiyo davlatlari ittifoqi g’oyasi mintaqa uchun ko’proq naf keltirishini ta’kidlaydilar.
Ulug’bek Abdusalomov Rossiya bilan birlashish g’oyasi bilan Markaziy Osiyo davlatlari ittifoqini tashkil qilish g’oyasi o’rtasida katta farq bor deb hisoblaydi.
“Rossiyaga konfederatsiya asosida qo’shilish siyosiy, iqtisodiy, g’oyaviy, ma’naviy qaramlik demak. Bu sharoitda suverenitet hech qanday ahamiyatga ega bo’lmay qoladi. Markaziy Osiyo davlatlari ittifoqi esa o’zaro tenglik asosida tashkil qilinishi mumkin”, - deydi tahlilchi.