Breaking News

AQSh Qirg'izistondagi havo bazasini yopmoqchi emas


AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts Bishkekda qirg’iz rasmiylari bilan uchrashar ekan, tashrifdan asosiy maqsad – xalqaro terrorizmga qarshi kurashda qo’shgan munosib hissasi uchun Qirg’iziston xalqi va prezidentiga minnatdorchilik izhor qilish ekanini aytgan.

“Qirg’iziston Mudofaa vaziri Ismoil Isoqov bilan mamlakatlarimiz o’rtasida bir qator sohalarda, harbiy va noharbiy sohalarda hamkorlik istiqbolini muhokama qildik. Biz Afg’onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish va Tolibonni yengish uchun dunyoning 42 mamlakati olib borayotgan harakatga Qirg’iziston qo’shgan ulushni muhokama qildik”, – degan AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts.

Qirg’iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyev ham AQSh Mudofaa vazirini qutlar ekan, Qirg’iziston xalqaro terrorizmga qarshi kurash doirasida o’z zimmasiga olgan barcha majburiyatlarga sodiq qolayotganini ta’kidlagan.

Afg’onistonda xavotirli vaziyat saqlanib qolayotgani borasida Geyts va Bakievning fikri bir joydan chiqqan.

Qirg’iz rasmiylari amerikalik mehmonga Bishkek yaqinidagi “Manas” aeroportida joylashtirilgan xalqaro aksilterror kuchlariga qarashli “Gansi” aviabazasi bilan bog’liq noxush voqealardan shikoyat qilmadilar. AQSh Mudofaa vazirining tashrifi amerikalik askarlarning Qirg’izistonda qolish-qolmasligi mamlakat bo’ylab muhokama qilinayotgan bir paytga to’g’ri keldi.

Amerikalik askar Zakari Xetfild Qirg’iziston fuqarosi Aleksandr Ivanovni otib qo’ygani, amerika uchog’i qirg’iz prezidentining uchog’ini pachoqlagani, baza uchoqlari ortiqcha yoqilg’ini qirg’iz dalalariga to’kayotgani mahalliy faollarda, asosan, rusiyzabon aholida norozilik paydo qilgan.

Robert Geyts prezident Qurmanbek Bakiev bilan suhbatda baza bilan bog’liq muammolarga bundan buyon yo’l qo’ymaslik, agar muammolar paydo bo’lsa, zudlik bilan hal qilish yo’llarini izlash to’g’risida va’da bergan.

U jurnalistlarning “Gansi” aviabazasi harbiylari ega bo’lgan daxlsizlik maqomini qayta ko’rib chiqish to’g’risidagi savollariga javob berar ekan, Qirg’izistonda AQSh bazasini joylashtirish bo’yicha 2001 yilda tuzilgan bitim barcha xalqaro me’yorlarga muvofiq kelishini aytgan.

Robert Geytsga ko’ra, harbiy baza bilan bog’liq barcha masalalarni hal qilish bo’yicha qo’shma komissiya faoliyat yuritmoqda.

AQSh Mudofaa vazirining bayonotidan “Gansi” aviabazasini Qirg’izistondan ko’chirish emas, aksincha, mintaqada harbiy hozirlikni saqlab qolishga intilish ohangi sezilgan.

“Biz shuningdek mamlakatlarimiz aro hamkorlikni, harbiy va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish mavzusini ham muhokama qildik”, – degan Robert Geyts.

“Har ikki tomonga juda manfaatli muzokaralar kechdi. Muzokaralar natijasini men shunday baholayman”, – dedi Qirg’iziston Mudofaa vaziri Ismoil Isoqov.

Ayrim mutaxassislar nazarida AQShning Qirg’izistondagi harbiy bazasiga ehtiyoj yo’q, chunki terrorga qarshi kurash uchun Afg’onistonning o’zida AQShning ko’plab bazalari bor.

Biroq AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts o’zgacha fikrda. U “baza bizga kerak” deydi. Qirg’iziston deputatlari esa hukumatdan amerikaliklarni bazani chiqarib yuborishni talab qilmoqda.

AQShning Bishkekdagi Manas aerodromida 1,200 ga yaqin qo’shini bor. Ular qo’shni Afg’onistondagi AQSh kuchlariga tayanch vazifasini o’tamoqda. Qo’shma Shtatlar baza uchun yiliga 150 million dollarga yaqin pul to’laydi.

XS
SM
MD
LG