Breaking News

AQSh: Qirg'iziston bilan muammolar barham topmoqda


AQSh Davlat kotibi muovini Richard Baucher Bishkekda prezident Qurmanbek Bakiyev, Bosh vazir Almaz Atambayev, parlament deputatlari, Markaziy Osiyo Amerika universiteti talabalari, nodavlat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvlar o’tkazdi.

To'rt kunlik safar yakunida o'tkazilgan matbuot anjumanida Richard Baucherning aytishicha, u Qirg’iziston rasmiylari bilan AQSh harbiylari va baza bilan bog’liq muammolarni hal qilish va ularning oldini olishda hamkorlik usullarini muhokama qilgan.

AQSh harbiy samolyoti bilan to’qnashuv natijasida shikastlangan Qirg’iziston prezidenti samolyotini ta’mirlash uchun mablag’ni Qo'shma Shtatlar beradi, deydi Baucher.

Amerikalik askar tomonidan otib o’ldirilgan Qirg’iziston fuqarosi bilan bog’liq hodisani sharhlar ekan, Richard Baucher Qo’shma Shtatlar marhumning bevasiga badal to’langanini aytgan.

“Biz Ivanovning oilasiga yetarli miqdorda kompensatsiya puli to’ladik. Ivanovning 20 yillik maoshidan ham ko’proqdir. Bu kabi hodisalarni Qirg’iziston rahbariyati bilan hamkorlikda o’rganish va oldini olishga tayyormiz”.

“Aircraft Petroleum” shirkatida haydovchi bo’lib ishlagan 42 yoshli Qirg’iziston fuqarosi Aleksandr Ivanov o’tgan yilning 6 dekabr kuni “Manas” aeroportida amerikalik askar Zakari Xetfild tomonidan otib o’ldirilgan edi.

Bu hodisa Qirg’izistonda aksil-Amerika kayfiyatining kuchayishiga va AQSh boshchiligidagi aksil-terror kuchlari koalitsiyasiga qarashli “Gansi” aviabazasini mamlakatdan chiqarish talablari bilan norozilik namoyishlari o’tkazilishiga sabab bo’lgan edi.

Richard Baucher bu norozilik namoyishlari keng ko’lamli bo’lmaganini, ammo, fuqarolarning o’z fikrlarini bildirishlariga qarshi emasligini aytgan. Uningcha, AQSh bazasining qolish-qolmasligi masalasini Qirg’iziston hukumati va parlament hal qilgani ma’qulroq.

Richard Baucher Qirg’izistonda AQSh bazasi bilan bir qatorda Rossiya bazasining joylashtirilishi mamlakat rahbariyatining qarori, deya atagan.

“Bu mustaqillikni himoya qilish, o’z xavfsizlik kuchlarini qo’llab-quvvatlash ma’nosida Qirg’iziston hukumati qabul qilgan qaror. Bilasizmi, xavfsizlik borasida bizning ruslar bilan aloqalarimiz bor. Shuning uchun biz [Rossiyaga] qo’shni davlatlar ham shunday aloqalar o’rnatganidan ajablanmaymiz”.

Shu bilan birga AQSh Davlat kotibini muovini “Gansi” bazasi Qirg’iziston va Qo’shma Shtatlar o’rtasida imzolangan ikki tomonlama bitimga asosan faoliyat yuritayotganini, bu masalaga uchinchi tomonning aralashishiga hojat yo’q ekanini ta’kidlagan. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, u Amerika bazasi masalasi avgust oyida Bishkekda o’tishi kutilayotgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotining sammitida muhokama qilinishi maqsadga muvofiq emasligini ma’lum qilgan.

Richard Baucherga ko’ra, AQSh va Qirg’iziston o’rtasidagi aloqalar baza bilangina cheklanmaydi.

“Bu nafaqat baza, balki harbiy hamkorlik, NATO bilan hamkorlik, chegara xavfsizligi va giyohvand moddalar nazorati bo’yicha va boshqa bir qator muammolar bo’yicha hamkorlikdir. Biz bu hamkorlik orqali Qirg’izistonga davlat mustaqilligini va xavfsizligini qo’riqlashda ko’maklashishga urinyapmiz”.

AQSh Davlat kotibi muovini matbuotda go’yo Qirg’izistonda joylashgan “Gansi” aviabazasidan Eronga hujum uyushtirilishi to’g’risida paydo bo’layotgan ma’lumotlarni “kulgili” deya atagan.

“Har qanday harbiy tahlilchi yoki diplomat baza bu yerda hujum uchun joylashtirilmaganini tushunadi. Bizning bazadan bunday maqsadda foydalanish niyatimiz yo’q. Biz amerikaparast ommaviy axborot vositalariga muhtoj emasmiz, biz faqat mustaqil ommaviy axborot vositalariga muhtojmiz”, degan Richard Baucher.

XS
SM
MD
LG