Mutaxassislar nazarida Rossiya Federatsiyasi katta demografik o’zgarishlarni boshdan kechirmoqda. Aholisi yiliga 700 ming kishiga kamaymoqda. Mamlakatda musulmonlar soni esa, aksincha yiliga 4 foizga ko’paymoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobiga ko’ra, Rossiyaning 140 millionlik aholisi 2050 yilga borib uchdan biriga qisqarishi mumkin. Mutaxassislar fikricha, ruslar orasida tug’ilish sur’atining kamayayotgani va Rossiyada musulmonlar sonining ko’payayotgani bois asr o’rtasiga borib musulmonlar Rossiyada ko’pchilikni tashkil etishi mumkin.
Estoniyadagi Tartu universiteti tadqiqotchisi, amerikalik mutaxassis Pol Gobl yaqinda chiqishi kutilayotgan “Rossiyada islom” deb nomlangan kitob muallifi.
"Moskvada Parijdan ko’p musulmon bor," deydi Pol Gobl. "Rossiya poytaxtida ular ikki yarim-uch millionni tashkil etadi. Birgina ozarbayjonliklarning o’zi millionga yaqin. Sankt-Peterburgda esa bir milliondan ziyod musulmon bor. Ilgari musulmonlar yashamagan Kareliya, Kamchatka va Saxalinlarda ham endilikda musulmonlarni uchratish mumkin."
Rus aholisining kamayishiga sabab, deydi mutaxassis, 18 dan 55 yoshgacha bo’lgan ruslar orasida o’lim sur’atining yuqoriligi.
"Alkogolizm, kasalliklar, ish joyidagi fojiali hodisalar Rossiyada keng tarqalgan hollar," deydi Pol Gobl. "Buning hisobiga har yili ruslar soni bir milliondan ziyodga kamaymoqda. Rossiya hukumati aholisining kamayayotgani haqida gapirmaydi, chunki turli millatga mansub musulmonlar bo’shliqni to’ldirmoqda," deydi AQShlik mutaxassis.
Rossiya musulmonlarining aksariyat qismi ikki geografik hududda – Volga daryosi mintaqasi va Shimoliy Kavkazda istiqomat qiladi.
Vashingtondagi Xadson siyosatshunoslik instituti eskperti Deyvid Satterning aytishicha, ruslar sobiq Sovet Ittifoqining boshqa respublikalaridan musulmonlarning Rossiyaga kelayotganidan xavotirda.
"Rossiyadagi musulmonlardan farqli o’laroq, mamlakatda yashamagan, fuqarosi bo’lmagan bu odamlar Sankt-Peterburg, Voronej va Moskva kabi shaharlarda tazyiqqa uchramoqda."
Jorj Vashington universiteti professori Piter Reddavey fikricha, Rossiya hukumati maxsus qarorlar orqali musulmonlarni kamsitib, Pravoslav Cherkovni himoya qilmoqda. Muhojirlarga qarshi harakat qilayotgan ko’plab guruhlar ham bu borada “astoydil” harakat qilmoqda.
"So’nggi bir necha yil ichida Putin ma’muriyati o’ta millatchi guruhlar harakatlariga panja orasidan qarab keldi. Chechenistondagi urush oqibatida so’nggi 13 yil davomida Shimoliy Kavkaz aholisini Rossiya davlatidan ajratish kuzatildi. Biroq bu hol hozirda musulmonlar yashaydigan boshqa hududlarga ham tarqalmoqda," deydi Piter Reddavey.
Ayrim tahlilchilar nazarida Rossiyadagi demografik o’zgarishlar kelajakda G’arb uchun muammo tug’dirishi mumkin.
Tadqiqotchi Pol Gobl fikricha, Rossiyada musulmonlarning ko’paygani islomiy radikallarga qo’l kelishi mumkin. Buning uchun, deydi Gobl va boshqa mutaxassislar, Kreml Rossiya musulmonlarini o’z jamiyatiga uyg’unlashtirishi, ularning diniy va boshqa huquqlarini himoya qilishi zarur. Aks holda Rossiya siyosiy beqarorlik o’chog’iga aylanishi mumkin.