Breaking News

Jurnalistlarni ta'qib qilish bobida O'zbekiston dunyoda yetakchilardan


O’zbekistonda matbuotchilar kuni nishonlangan. Jurnalistlar fikricha mamlakatda ularning erkinligi bosim ostida qolmoqda.

Mustaqil jurnalistlar fikriga ko`ra, matbuot erkinligi haqidagi e`tiroflar haqiqiy vaziyatni xastpo`stlashdangina iborat.

Ma`lumotlarga ko`ra, mustaqillikdan keyingi yillarda 34 nafar jurnalistga nibatan turli jinoiy ishlar ochilgan. Huquq faoli Abdurahmon Tashanovning aytishicha, ularning aksariyati korrupsiya masalalari bilan shug’ullangan yoki o’z mustaqil qarashlariga ega bo`lgan jurnalistlar.

“34 nafardan ziyod bu jurnalistlar huquq-taribot xodimlari tomonidan taz’yiqqa olingan yoki qamalib chiqqan. Ularning faoliyatiga nazar tashlasangiz, korrupsiya bilan bog`liq tanqidiy maqolalar yozishga harakat qilishgan. Ularga nisbatan firibgarlik, poraxo`rlik kabi turli ayblar qo’yilgan”, - deydi Tashanov.

Nyu-Yorkda asoslangan Jurnalistlarni himoya qilish Qo’mitasi tomonidan yaqinda e`lon qilingan hisobotda ko`rsatilishicha, O`zbekistonda quvg`unga uchragan jurnalistlar soni 16 kishini tashkil etadi.

Quvg`indagi jurnalistlar soni bo`yicha O`zbekiston dunyoda 17 jurnalistni quvg`in qilgan Kolumbiyadan keyin beshinchi o`rinni band etgan.

Mamlakatdagi jurnalistlar ta’biricha, quvg`inga uchragan jurnalistlarning aniq soni haqida bir narsa deyish juda qiyin. Chunki mustaqil jurnalistlarga taz’yiqlar va quvg`inlar davom etmoqda.

Kuzatuvchilar fikricha, diktatura tuzumiga xos ravishda o`zbek matbuotida ham hukumat rahbariyatini olqishlayotgan jurnalistlarga keng yo’l beradi. Ularni rag`batlantiradi, tanqid yoki mustaqil qarashlar uchun esa jazolanadi.

Hukumat to`liq nazorat o`rnatgan matbuot xodimlari so`z erkinligi yo`qligi haqida nafaqat yozishga, hatto gapirishga jur`at etmaydi.

O`zbekiston radiosida ishlayotgan jurnalistlardan biri matbuotdagi ahvolni jurnalistlarning mentaliteti bilan bog`laydi.

“Garb jurnalistikasi erkin deyishadi. To`g`ri, bugungi kunning dolzarb muammolarini ko`tarish jurnalistlarning burchi, lekin o`zbekona andishaga borib taqaladi. Bora-bora o`zbek matbuoti ham taraqqiyotga erishib, muammolar ochiq yoritiladi”, - deydi u.

Mustaqil jurnalistlardan biri esa bugun o`zbek matbuotida faqatgina maddohlar uchun imkoniyat qoldirilgan deb hisoblaydi. Tajbirali va siyosiy jarayonlarni xolis tahlil qiluvchi jurnalistlar matbuotdan chetlatilgan.

“O`z fikrini va qarashlarini ifoda qilib bera oladigan jurnalistlar maydondan tashqarida, chekkada yurishibdi. Shunga majbur qilingan, aksariyati tirikchilik uchun hozirgi sariq matbuot xizmatiga kirishgan. Chunki ularning qo’lidan faqat yozish keladi. Bugungi ommaviy axborot vositalarida bunday jurnalistlarga o`rin yo’q”, - deydi mustaqil jurnalsit.

O`zbekiston matbuotidan chetlatilgan bunday jurnalistlarning ko`pi mamlakatdan chiqib ketgan.

Tanqidiy maqolalari bilan tanilgan, keyinchalik poraxo`rlikda ayblanib, qamoqqa olingan, hozirda esa quvg`unlikda yashayotgan jurnalistlardan biri, O`zbekistonda mustaqil jurnalistlar faoliyati mutlaqo cheklanadi degan edi.

Yaqinda O`zbekiston teleradiokompaniyasidagi bir nechta jurnalist senzura nazorati ustidan O`zbekiston huquq-tartibot organlariga shikoyat bilan chiqqan.

Biroq jurnalistlarning aytishicha, senzura mavjudligi haqidagi ariza aksincha ta`sir ko`rsatgan. Biroq shikoyatchi jurnalistlar endi yanada kuchli nazorat ostida.

XS
SM
MD
LG