Breaking News

Tojikistonlik xasta bolalar AQShda davolanmoqda


AQShning “International Services of Hope”, qisqacha, “Umid” tashkiloti hayriya sifatida tibbiy yordam ko’rsatishga tayyor AQSh kasalxonalari va shifokorlari bilan hamkorlik qiladi.

Bundan tashqari tibbiy tizim yaxshi rivojlanmagan, iqtisodiy jihatdan tang ahvoldagi mamlakatlarga shifokorlar, tibbiy anjom, dori-darmonlar yuborib turadi.

“Umid” nodavlat tashkiloti Tojikistonda 1994 yildan beri faoliyat yuritadi. 2002 yildan boshlab esa og’ir xastalangan tojikistonlik bolalarni AQShga olib kelib, ularni davolatmoqda.

O’tgan hafta Ogayo shtatidagi Toledo shahriga 3 yoshli Muhammadjon Shokirov va ikki yoshli Munira Hayrullina keltirildi. Tashkilot bilan uzoq vaqtdan buyon hamkorlik qilayotgan tojikistonlik shifokor, Respublika kardiologiya markazi mutaxassisi Nasima Dodixudoyeva ularga hamrohlik qilmoqda. Ikkisida ham tug’ma yurak poroki bor.

Uning aytishicha, bir necha tibbiy ko’rikdan so’ng bolalar operatsiya qilinadi.

O’tgan yili ham tojikistonlik bir qizaloq shu tashkilot bo’yicha AQShga olib kelinib operatsiya qilingan edi. Qishda uyga qaytgan. Hozir ahvoli yaxshi, deydi Nasima Dodixudoyeva.

"Munira ismli qizcha men bilan iyulda uyiga qaytadi, deb o’ylayman. Muhammadjonning ahvoli og’irroq bo’lgani uchun uzoqroq vaqtga qoladi. Uning onasi ham kelgan", - deydi shifokor.

Nasima Dodixudoyevaning aytishicha, bitta operatsiya 50-70 ming dollar atrofida turadi. Bolalarni AQShga olib kelgan “Umid” tashkiloti bilan hamkorlik qilishga ahd qilgan kasalxonalar va shifokorlar beg’araz ishlashga rozi bo’lgan.

“Umid” - nasroniy tashkilot. “Ular yordami evaziga tojikistonlik bolalar va ota-onalarini nasroniylikka kiritishga harakat qilmadimi”, degan savolga bolalar bilan AQShga kelgan va tashkilot bilan anchadan beri hamkorlik qilayotgan shifokor Dodixudoyeva “yo’q” deb javob berdi.

"Tashkilot rahbari bizning musulmon ekanimizni biladi. Din bo’yicha saboqlar beriladi, lekin nasroniylikka o’girishga harakat bo’lmagan. U dinimizni hurmat qiladi", - deydi tojikistonlik shifokor.

“Umid” hayriya tashkiloti Tojikistonga qochqin bo’lib kelgan afg’onistonlik bolalarga ham yordam ko’rsatgan.

XS
SM
MD
LG