Rossiya bosh vaziri o`rinbosari 4 iyulda Toshkentga kelgan. Sergey Ivanov hukumatlararo komissiya rasmiysi sifatida O`zbekiston bilan qator hujjatlar imzolagan.
Sergey Ivanov O`zbekiston prezidenti Islom Karimov, Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev a boshqa rasmiylar bilan uchrashgan.
O`zbekiston hukumati rasmiylari bilan muzokara chog’ida avval muhokama qilingan hujjat – migratsiya bo`yicha hukumatlararo bitim imzolangan.
Mazkur bitim migrantlar mehnat faoliyatini, ularning huquqlarini himoyalashni, shuningdek, migrantlarni vataniga qaytarish masalalarini muvofiqlashtirishni nazarda tutadi.
Jamiyatshunos Komron Aliyevning aytishicha, bitim o’zbekistonlik mehnat muhojirlarining bir qismigagina qonuniy imkoniyat berishi mumkin.
“Rossiyada MDHdan kelayotgan muhojirlar sonini qisqartirish harakati boshlandi, avval ular bozorlardan siqib chiqarildi. Keyinchalik MDH davlatlariga kvotalar berish harakati boshlandi. Ivanov va O`zbekiston bosh vaziri Mirziyoyev o`rtasida imzolangan shartnomaga ko`ra, O`zbekistonga qancha kvota ajratilgani noma`lum qolmoqda. Lekin baribir, noqonuniy migratsiya davom etadi, chunki O`zbekistonda ishchi o`rinlari kam, borlarida ham ish haqi arzimagan”, - deydi Aliyev.
Jamiyatshunosning so’zlariga qaraganda, Rossiya bilan imzolangan shartnomadan avval O`zbekiston migrantlarni ro`yxatga olish haqida qaror qabul qilgan. Migrantlarga qo`shimcha soliq belgilanishi ehtimoldan holi emas.
O`zbekiston prezidenti bilan uchrashuvda ikkitomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish masalasi muhokama qilingan.
Sergey Ivanov tashrifi mobaynida O`zbekistonga ko’proq investitsiya jalb etish haqida ham to’xtalgan.
Siyosatshunoslar fikriga ko`ra, Rossiya pozitsiyasi so`nggi yillarda O`zbekistonda bir qadar yuksalgan. Energetik mahsulotlar bozorida Rossiya kompaniyalariga katta imkoniyatlar yaratib berilgan.
Bu imkoniyatlar bevosita rasmiy Toshkentning qo`llab-quvvatovi, hatto Rossiya biznesiga raqobat bo`ladigan kuchlarni O`zbekiston bozoridan siqib chiqarish hisobiga amalga oshayotgani aytiladi.
Rasmiy Toshkent avvallari AQShga tayanib siyosat yuritgan, keyinchalik, Andijon fojealaridan so’ng O`zbekiston hukumatini qo`llagan Rossiyaga orqa suyab qolgan, deydi mustaqil kuzatuvchi.
Uning fikricha O`zbekiston milliy manfaatlari xalqaro miqyosda integratsiyalashuvni talab etadi. Rossiya bilan ittifoqchilik darajasida rivojlanayotgan aloqalar O`zbekistonni yana xom-ashyo bazasiga aylantirib qo`yish bilan cheklanadi.
“Putin boshchiligidagi Rossiya hukumati hech qachon O`zbekiston yoki Markaziy Osiyoning iqtisodiy rivojlanishi tarafdori bo`lgan emas. Bundan keyin ham bo`lmaydi. Rossiya uchun mintaqa faqat xom-ashyo bazasi sifatidagina manfaatli bo`lib qoladi. Hozir Rossiya tomonidan ulug` rus shovinizmi siyosati tiklanayotganini kuzatish mumkin”, - deydi u.
Siyosatshunoslarning ta’kidlashicha, O`zbekistonning strategik nuqtada joylashishi geosiyosiy jihatdan turli qutblar bilan ham iqtisodiy, ham siyosiy manfaatli aloqalarni rivojlantirish uchun imkoniyat beradi.
Buning uchun rasmiy Toshkentdan rivojlangan dunyodagi qadriyatlar – demokratik islohot va inson huquqlari amalda qadrlanayotganini ko`rsatish talab etiladi.
Ayrim kuzatuvchilar O`zbekiston hukumatidan demokratik islohotlarni talab qilish uchun xalqaro tashkilotlar qattiqroq pozitsiyada turishi kerak degan fikrda.
Siyosatshunoslar esa bunday pozitsiya O`zbekistonni Rossiya va Xitoy singari avtoritar davlatlar bilan yaqinlashtimoqda deb hisoblaydi.