Breaking News

Huquq himoyachilari Mo'tabar Tojiboyeva ahvolidan xavotirda


"Markaziy Osiyoda inson huquqlari” tashkilotiga ko’ra, sakkiz yilga qamalgan faol Mo’tabar Tojiboevaning sog’lig’i yomonlashgan.

Firibgarlikda ayblanib sakkiz yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Tojiboyeva bilan uchrashishga ruxsat berilmayapti.

Tojiboyevaning qizi Mahliyo Tojiboyevaning aytishicha, u onasi bilan oxirgi marta shu yilning yanvar oyida uchrashgan.

“Avval ikki soatlik uchrashuv olinar edi… Sog’lig’i chatoq, buyragidan shikoyat qilayapti. Tinmasdan jarima kamerasiga tiqishayotgan emish”, - deydi Mahliyo.

Tojiboyevaning ukasi Rasul Tojiboyevning aytishicha opasi bilan uchrashishga Germaniya elchixonasi va Yevropa Ittifoqidan kelgan delegatsiya vakillari ham urunib ko`rgan.

“Qizil Xoch, AQSh va Germaniya elchixonasidan murojaat qilib ko`rishdi. Hech kimga turmaga kirishga ruxsat berishmadi”, - deydi u.

“Kech uchrashib keldim, ruxsat berolmaymiz, deydi. Kim ruxsat berishini ham aytishmaydi. Ularning aytishlariga qaraganda, ahvoli yaxshi, lekin bizdan berkitayotganligining sababi ahvoli og`irligidadir. Qattiq nazorat tufayli sog’lig’i yomonlashgandir. Hozir bizdan dori-darmonlar ham olmay qo`yishdi”, - deydi Rasul Tojiboyev.

Kuzatuvchilar nazarida Tojiboyevaning tazyiqqa olinishi sababi uning qamoqxonadagi vaziyat haqida tashqariga ma`lumot uzatayotganida.

Farg’onada “O`t yuraklar” nohukumat tashkilotini yuritgan Tojiboyeva 2005 yilning dekabr oyida Irlandiyaga inson huquqlari bo`yicha xalqaro anjumanga ishtirok etish uchun ketayotganida hibsga olingan edi.

2006 yilda Toshkent viloyatida o’tgan sudda Tojiboyevani firibgarlik, ta`magirlik, noqonuniy namoyishlar o`tkazganlik va hukumat idoralariga tuhmat qilganlikda aybdor deb topilgan edi.

O’zbekiston rasmiylari nazarida Tojiboyeva tovlamachi va tuhmatchi, inson huquqlari tashkilotlari nazarida esa hukumatni tanqid qilgani uchun qamalgan siyosiy mahbus.

Yevropa Ittifoqi O`zbekistonga bergan tavsiyalarida qamoqdagi huquq himoyachilarini ozod etishni so’rab kelmoqda.

XS
SM
MD
LG