Qirg’iziston janubidagi Botkent viloyatining Tojikiston bilan chegaradosh qishloqlari aholisi ommaviy ravishda ish izlab, Qozog’iston va Rossiyaga keta boshlagan.
Parlament deputati Orzibek Burqanovning aytishicha, bo’shab qolgan qishloqlarni, yerlarni Tojikiston fuqarolari o’zlashtirmoqda. Deputatning so’zlariga qaraganda, ayni paytda tojiklar Qirg’iziston hududida salkam 1 ming gektar yerni egallab olgan.
Odatda, deydi kuzatuvchilar, yoz kelishi bilan mahalliy aholi ish qidirib, boshqa davlatlarga ketadi. Qo’shni Tojikiston fuqarolari bu mavsumda Qirg’izistonga ko’chib kela boshlaydi.
Botkent viloyat davlat ma’muriyati xodimi Toshtemir Eshaliev, qo’shni davlat fuqarolari tomonidan yerni bosib olish muammosini hal qilish uchun chegarani tezroq belgilash va tasdiqlash kerak, deydi.
Ayni paytda qirg’iz-tojik chegarasini aniqlash ishlari boshlangan. Ammo dala-qirlar, tog’lar osha o’tgan chegarani aniqlash va uni tasdiqlash ishlari ko’pga cho’zilishi mumkin. Qolaversa, bahsli hududlar masalasi Qirg’iziston va Tojikiston rasmiylari o’rtasida munozaralarga sabab bo’lmoqda.
Chegarani aniqlashda bahsli hududlar masalasi hal qilingani qirg’izlar, o’zbeklar va tojiklar o’rasida maishiy nizolarga ham sabab bo’lmoqda.
Botkent viloyatining Qadamjoy tumanida yashaydigan jurnalist Bozorboy Qaparov xalq qiynalayotgani to’g’risida gapiradi.
Deputat Asqar Shodiyevning aytishicha, chegaralarni aniqlash va bahsli hududlar masalasi Qirg’iziston, Tojikiston, O’zbekiston o’rtasida doimiy muammo bo’lib qolaveradi. Uning aytishicha, chegaralararo nizolar va aholi o’rtasidagi talash-tortishishni to’xtatish uchun davlat rahbarlari siyosiy qaror qabul qilishi zarur.
Ma’lumotlarga ko’ra, qirg’iz-tojik chegarasida ellikdan ortiq bahsli yer maydonlari bor. Bu yerlar asosan Qirg’izistonning Laylak tumani va Tojikistonning So’g’d viloyati hududida joylashgan.