Bu yilning 5 iyuli Rossiya uchun tarixiy sana bo’lib qoladi.
Gvatemalada o’tgan saralash bosqichida Xalqaro Olimpiya Qo’mitasi raisi Jak Rogge Sochi shahrini XXII Qishqi Olimpiya o’yinlari mezboni deb e’lon qildi.
Sochi bugun katta qurilish maydoni. AQShning Prinston Universitetida Rossiya siyosatidan dars beruvchi Jeyson Layal fikricha Sochini Olimpiya o’yinlariga tayyorlash oson kechmaydi.
“300 ming aholiga ega Sochi shahri bunday o’yinlar o’tkazish uchun moslanmagan. Demak, shahar qayta qurilib, xalqaro mezonlarga moslashtirilishi kerak. Aeroportdan tortib, dengiz portigacha; 200 km yangi yo’llar, elektr quvvati tarmoqlari, 25 ming odamga mo’ljallangan yangi mehmonxonalar, barchasi bunyod etilishi lozim”, - deydi mutaxassis.
Rossiya hukumati bu ishlarga 12 milliard dollar ajratgan.
“Bu boshlanishi, deydi Jeyson Layal. Rossiya bir yilda ta’lim va tibbiyot tizimi uchun ham shuncha mablag’ ajratadi. Rossiyaning bunga qurbi yetadi”, - deydi siyosatshunos Jeyson Layal.
AQShlik yana bir tadqiqotchi Loren Gudrichning aytishicha rossiyalik milliarder va oligarxlar ham Sochiga o’z ulushini qo’shishi mumkin.
“Rossiya alyuminiy sanoati qiroli Oleg Derepaska, Angliyaning Chelsi futbol klubi egasi Roman Abramovich, Vladimir Potanin kabi boyvachchalar allaqachon Sochiga bir necha milliard dollar ajratishini aytgan. Qurilish ishlari tugagach, ular shaharning asosiy shartnomachilari bo’ladi”, - deydi Gudrich.
Sochini yangi, jahon standartlariga mos shaharga aylantirish uchun yetti yil yetarmikan? Maykl Lang kabi tadbirkorlar bunga shubha qilmaydi.
“Mablag’ o’z vaqtida berilib, ish jarayoni bir tizimga qo’yilsa, yetti yil ichida Sochini Qishki Olimpiya o’yinlariga tayyorlash mumkin. Bundan tashqari prezident Putin ham bunga va’da bergan. Uning o’z so’zida tura olishiga bir necha bor guvoh bo’lganmiz”, - deydi Maykl Lang.
Yana bir masala bu xavfsizlik. Sochi terrorchilar nishoniga aylanmasligi uchun hukumat barcha choralarni qo’llashi lozim. Rossiyashunos ekspert Jeyson Layal Sochi joylashgan hududga e’tibor beradi.
“Shahar Chechenistondan 500 killometr, 2004 yilda maktab huruji amalga oshirilgan Beslan shahridan esa 400 killometr uzoqlikda joylashgan. Chang’ida uchish poygalari Krasnaya Polyanka va Karachayevo-Cherkesiyada o’tkazilishi rejalangan. Bu hududlarda jangarilar faol. Yetti yil ichida hududni barqaror va xavfsiz joyga aylantirish mumkinmi?”
Yana bir ekspert Deyl Xerspring fikricha xavotirga o’rin yo’q.
“Rossiya xavfsizlik kuchlari juda jiddiy va qudratlidir. Ular hududni shunday qo’riqlay oladiki, hatto pashsha ham uchib o’ta olmaydi. To’gli hududlarga butun boshli diviziya yuborilsa hech narsa yuz bermasligi muqarrar”, - deydi Rossiyashunos ekspert.
1980 yilda Moskvada o’tgan Yozgi Olimpiya o’yinlari Sovet Ittifoqi qo’shinlari Afg’onistonga kirib borgani bois, AQSh va yana 60 davlat tomonidan boykot qilingan edi. Rossiya davlat sifatida Olimpiya o’yinlariga, rasman, ilk bor mezbonlik qilmoqda.