Rasmiy Tbilisi Rossiya samolyotlari Gruziya havo hududiga kirib, raketa otganini muhokama qilish maqsadida BMT Xavfsizlik Kengashini favqulodda majlis o’tkazishga chaqirmoqda. Rossiya Gruziya bayonotini bo’hton deb atamoqda.
Gruziyaning BMT dagi vakili Irakli Chikovani Rossiyaga qarashli ikkita qiruvchi samolyot mamlakat ichkarisiga 75 kilometrga kirib, masofadan boshqariluvchi raketa otganini isbotlovchi dalillar bor, deydi. Gruziya rasmiylari ma’lumotiga ko’ra, raketa Janubiy Osetiya yaqinidagi bir qishloqqa tushgan, biroq portlamagan.
Gruziya hukumati NATO andozalariga javob beruvchi radar tomonidan qayd etilgan dalilga - samolyotlarning uchish vaqti va izlariga ega.
Chikovani Rossiya harbiy havo kuchlari bungacha ham Gruziya chegarasini bir necha bor buzganini ta’kidlab, so’nggi hodisani bosqinchilik deb atadi.
Rossiya ayblovni rad etmoqda. Bunga javoban Gruziya Rossiyani tergov o’tkazishga undamoqda. Gruziya bunday iltimos bilan Yevropa Ittifoqiga ham murojaat etgan.
Gruziyaga qarshi bosqinchilik odatiy holga aylanmoqda, deya shikoyat qildi BMT dagi vakil Irakli Chikovani.
Gruziyadan ajralib chiqqan, biroq xalqaro miqyosda tan olinmagan Janubiy Osetiya rasmiylari raketani Gruziyaning o’zi – Rossiyani aybdor qilish uchun – otgan, demoqda.
Rossiya Qurolli kuchlar Bosh shtabi qo’mondoni, armiya generali Yuriy Baluyevskiy Gruziyani bo’htonda ayblamoqda. Uning aytishicha, Abxaziya va Janubiy Osetiyaning Gruziya tarkibidan chiqib ketishidan cho’chigan rasmiy Tbilisi Rossiyani ularni shu yo’ldan yetaklayotganlikda ayblab, ana shunday usulni qo’llamoqda.