Breaking News

O'zbekiston matbuotiga qadalgan kishan


Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining yaqinda e’lon qilingan hisobotida internetda senzura mavzusi tahlil qilinadi. Unda, jumladan, O`zbekiston ham tilga olingan.

O`zbekistonda mavjud vaziyatni yorituvchi mustaqil axborot saytlari va muxolif internet sahifalarga kirish qiyin.

Mustaqil axborot agentliklari ma’lumotiga ko`ra, natijada sahifaga kiruvchilar kamaygan. Lekin turli aylanma yo`llar orqali kirish usulini bilgan o`quvchilar ham ko`p.

Yaqinda esa “Odamlar orasida” gazetasi yopilgani haqida ma`lumotlar paydo bo`ldi.

Gazeta bosh muharriri Xayrulla Hamidov gazeta texnik sabablarga ko`ra chiqishdan to`xtagan deydi. U siyosiy sabablar bor degan ma`lumotlarni inkor etadi.

Mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanov gazeta aynan hukumat ko`rsatmasiga muvofiq yopilgani aniq degan fikrda.

“Keyingi sonlari prezident devoni xodimlari senzurasi ostida chiqarilayotgan edi. Lekin mavzularni zukko tanlashayotgani uchun ommalashayotgan edi. Hozir tahririyat hukumat bilan munosabatlarini buzmaslik uchun gazeta yopilganini ham yashirib kelayapti”, - deydi u.

Boshqa bir jurnalist ta’biricha, gazeta diniy-ma`rifiy mavzularni ko`targani uchun hukumatning g`ashiga tekkan.

“O`zi bizda dinni XXI asrga, bugungi hayotga moslab tadbiq etish – katta mahorat. Shu jihati bilan ham farq qilar edi. Muxlislari ko`paydi. Bu hol diniy-ma`rifiy mavzularga ehtiyoj kuchli ekanini ko`rsatdi”, - deydi jurnalist.

Uning aytishicha, gazeta bir necha marta Cho’lponning “Kishan kiyma, bo`yin egma, ki, sen ham hur tug`ulg`onsen” kabi she`rlarini ham chop etgan.

“Matbuotga hukumat ko`rsatayotgan bosim jurnalistlarni qatiqni ham puflab ichishga majbur qilmoqda”, - deydi mustaqil jurnalistlardan biri.

XS
SM
MD
LG