Breaking News

Shanxay sammiti ketidan geosiyosiy o'yinlar avj olishi kutilmoqda


Markaziy Osiyo geosiyosiy to’qnashuvlarning keskin nuqtasiga aylanib bormoqda.

Shanxay Hamkorligi Tashkiloti va Kollektiv Xavfsizlik shartnomasi o’rtasida harbiy hamkorlik haqidagi bayonot mintaqa siyosatshunoslarida shunday xavotir tug’dirgan.

16 avgust kuni Bishkekda mintaqada Xitoy yetakchiligidagi geosiyosiy kuchga aylanib borayotgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotining navbatdagi sammiti o’tadi.

Bungacha, Rossiya yetakchiligidagi harbiy tashkilot - Kollektiv Xavfsizlik shartnomasi Bosh kotibi Nikolay Bordyuja Shanxay tashkiloti bilan harbiy hamkorlik shartnomasi tuzilishi mumkin, deb bayonot qilgan edi.

Mulohazalarga ko`ra, shunday bo`lgan taqdirda asosan NATO harbiy blokiga, G`arbga qarshi qaratilgan yangi bir harbiy tuzilma haqida gapirish mumkin bo`ladi.

“Mintaqa davlatlari istagan-istamagan taqdirda ham qutblarga ajralayotgan harbiy qarama-qarshilikning bir tomonida bo’lishga majbur, chunki yetakchilik qilayotgan Xitoy va Rossiyadagi maqsad G`arb tomonidan mintaqaga bo`layotgan qiziqishni shunday qarama-qarshiliklar yaratish evaziga cheklashdir”, - deydi siyosatshunoslardan biri.

Uning fikriga ko’ra bunday tashabbuslar mintaqa davlatlarining tashqi siyosiy yo`nalishlarini tobora cheklab boradi.

O`zbekiston “Siyosat-axborot tahlil” markazi eksperti G’ofur Jamolovga ko`ra Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasidagi harbiy hamkorlikni bugungi kunning talabi deb qabul qilish kerak.

“Tashkilotga a`zo davlatlardan tashqari unga qiziqish bildirayotgan Afg`oniston, Pokiston, Hindiston, Eron yoki Eronning tashkilotga a`zo bo`lish haqidagi arizasini oladigan bo`lsak ham, katta bir hududni, 3 milliard aholiga ega bo`lgan jo’g’rofiy hududni ichiga olayapti. Demak, bu borada harbiy hamkorlik bo`yicha tajriba almashish uchun bir tuzilma tuzish yoki shartnomalar imzolanishini bugungi kunning talabi deb tushunish kerak. Menimcha, buni biror harbiy blokka yoki mamlakatga qarshi qo`yish noto`g`ri bo`lardi”, - deydi ekspert.

Siyosatshunos Farhod Tolipov nazarida Shanxay hamkorligi va Kollektiv Xavfsizlik shartnomasi o`rtasida harbiy hamkorlik ehtimoldan yiroq.

“Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasida harbiy hamkorlik kuchayar ekan, buni NATOga qarshi amaliyot deb baholash mumkin, hattoki Shanxay va Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi o`rtasida shartnoma imzolangan taqdirda ham amalga oshishi qiyin. Chunki Kollektiv Xavfsizlik shartnomasi doirasidagi harbiy hamkorlikni o`zi yaxshi yo`lga qo`yilmagan. Ikkinchidan, MDHga kiruvchi davlatlar va Xitoy harbiy tayyorgarligi, mudofaa standarti bir-biriga mos kelmaydigan tizimlardir”, - deydi Tolipov.

Farhod Tolipovga ko`ra, shu bois Shanxayning harbiy blokka aylanishi ancha qiyin, qolaversa tashkilotga a`zo davlatlar uning harbiy blok emasligini ta`kidlab keladi. Ekspertlardan biriga ko`ra, Rossiya va Xitoy tomonidan shunday tashabbus ko`tarilgan taqdirda ham bu tashabbusning mintaqa davlatlari tomonidan qo`llanilishini kutish qiyin.

Shanxay Hamkorligi va Kollektiv Xavfsizlik shartnomasi tashkilotlari doirasida mintaqa davlatlari ittifoqi yoki integratsiyasi haqida gapirish qiyinligi, bunday integratsiyaning faqat Rossiya va Xitoy ishtirokidagina mumkinligi urg’ulanadi.

“Shu bois ham mintaqa davlatlari o`z tashqi siyosatlaridagi imkoniyatlarni cheklab qo`ymasliklari juda zarur”, - deydi ekspert.

Bildirilayotgan mulohazalarga ko`ra, 16 avgustda Bishkekda o`tishi kutilayotgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotining navbatdagi sammiti mintaqa uchun borayotgan geosiyosiy kurashlarga yangi bir turtki berishi mumkin.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga Xitoy, Rossiya, Tojikiston, Qozog`iston, Qirg`iziston va O`zbekiston kiradi. Tashkilot asosan a`zo davlatlar doirasida iqtisodiy integratsiyani kuchaytirish maqsadida tuzilgan edi.

Bugunga kelib, Xitoy yetakchiligidagi Shanxay tashkiloti mintaqadagi asosiy geosiyosiy kuchga aylanayotgani ta`kidlanmoqda.

XS
SM
MD
LG